Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Navoiy viloyatida kuz-qish mavsumida tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarga o‘z vaqtida suyultirilgan gaz yetkazish, har qanday ob-havoda ta’minot uzluksizligini ta’minlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, olis hududlar aholisini ta’minotsiz qoldirmaslik, maishiy gaz ballon tashishda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida zarur choralar ko‘rildi.
Viloyatda 4 ta gaz taqsimlash shaxobchasi va 1 ta gaz to‘ldirish stansiyasi mavjud bo‘lib, ularning kunlik qabul qilish quvvati 450 va kunlik tarqatish quvvati 72 tonnaga teng. Birgina "Navbahor" gaz taqsimlash shaxobchasi orqali Karmana, Qiziltepa, Konimex va Navbahor tumani mahallalariga suyuq gaz tarqatiladi.
- Shaxobchada 4 ta gaz quyish kalonkasi mavjud edi. Yana 2 ta yangi kalonka o‘rnatilib, bugungi kunda ob’ektning kunlik gaz tarqatish quvvati 18 tonnaga yetkazildi. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari davomida elektr energiyasida uzilishlar bo‘lishi mumkinligi inobatga olinib, generatorlar sozlandi. Qo‘shimcha kompressor moslamalari o‘rnatildi. Bo‘yoqlash ishlari olib borildi. Quvurlar izolyatsiya qilinib, kuz-qishda foydalanishga tayyor holga keltirildi, - deydi "Hududgaz Navoiy" gaz ta’minoti filiali mas’ul xodimi Ulug‘bek Nurimov.
Navbahor tumanining o‘zida ayni kunda suyultirilgan gaz bilan ta’minlanadigan 19083 nafar iste’molchi mavjud. Ularga 5 ta maxsus maishiy gaz ballon tashiydigan avtotransport vositasi orqali mahsulot yetkaziladi. 525 dona maishiy ballon orqali "aylanma" ko‘rinishda xizmat ko‘rsatiladi. Joriy yil boshidan buyon tuman aholisi 1 664 tonna 140 kg suyultirilgan gaz bilan ta’minlandi.
Tumanning eng olis hududlaridan biri "Yaltirabot" mahallasidir. Mahallada 710 nafar iste’molchi mavjud bo‘lib, to‘liq suyultirilgan gaz bilan ta’minlanadi.
- Mahallamizga suyultirilgan gaz o‘z vaqtida keladi. Masalan, biz bitta to‘ldirilgan ballondan 35-40 kun davomida foydalanamiz. Tuman gaz xodimlari sovuq kunlarda ballondan foydalanishda ehtiyot bo‘lishimiz kerakligi, dam olish xonasida ballonni o‘rnatish xavfli ekanligini tushuntirishmoqda. Biz gaz ballonni xonadan tashqarida o‘rnatganmiz. Bu o‘zimizning xavfsizligimiz uchun yaxshi, - deydi mahalla fuqarosi Xadicha Rahimova.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, Navbahor tumaniga 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumi davrida 1370 tonna 600 kg suyultirilgan gaz yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.
"Hududgaz Navoiy" gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati