Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali hamda uning hududiy bo’limlari tomonidan joylarda targ’ibotlar davom etmoqda. Xususan, Buxoro shahridagi umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining mavsumga tayyorgarligi o’rganilmoqda, isitish moslamalarining sozligiga e’tibor qaratilmoqda.
Navbatdagi targ’ibot tadbiri 54-maktabgacha ta’lim tashkilotida bo’ldi. Soha xodimlari isitish moslamalarining mavsumga tayyorgarligi hamda ulardan to’g’ri foydalanib kelinayotganligini, sozligini ko’rishdi. Kuz-qish davrini betalofot o’tkazish maqsadida har bir inson ehtiyotkorlik choralarini ko’rishi, mavjud kamchiliklar bo’lsa darhol soha xodimiga murojaat qilishi lozimligi ta’kidlandi.
Bugunga qadar 100 dan ortiq ijtimoiy obyektlarda is gazidan zaharlanishning oldini olish bo’yicha targ’ibotlar olib borildi, 6 mingga yaqin targ’ibot flayerlari va bannerlari tarqatildi. 200 ga yaqin seminar hamda suhbatlar o’tkazildi.
Har bir seminar davomida mutaxassislar tomonidan gaz jihozlaridan foydalanganda xavfsizlikka rioya qilish, ularni texnik ko’rikdan o’tkazish lozimligi, dudbo’ronlarning tozaligi borasida tushunchalar berilmoqda.
Jarayonlar viloyatning barcha hududlarida davom etmoqda.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati