Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Yurtimizda kechayotgan islohotlar, yangilanishlarni olis cho‘lquvarlar ovulida istiqomat qilayotgan aholi ham his etib yashamoqda. Romitan tumani markazidan 231 kilometr uzoqlikda, ta’bir joiz bo‘lsa, “qush uchsa–qanoti, odam yursa–oyog‘i kuyadigan” Qizilqum kengliklari bag‘rida joylashgan “Qizilravot” mahalla fuqarorlar yig‘inida bugunga kelib 104 ta oila, asosan qozoq millatiga mansub jami 600 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi.
Umumiy maydoni 294 ming gektarni tashkil etayotgan mahallaning geografik nuqtai nazardan, aksar yeri yaylov va cho‘l qirliklardan iborat. Ammo shunga qaramasdan, ovul infratuzilmasini yaxshilash, unda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimizga risoladagidek turmush kechirishlari uchun qulay shart-sharoit yaratishga e’tibor oshirilayotgani bu hududda yashayotgan cho‘lquvarlarni xursand qilmoqda.
Quvonalisi, hudud iste’molchilariga gaz ta’minoti filiali hamda “Romitantumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan oyma oy, o‘z vaqtida maishiy ehtiyojlari uchun suyultirilgan gazga to‘ldirilgan gaz ballonlari ham tarqatiladi.
“O‘z vaqtida gaz ballonlarimizni keltirib berishadi. Muammo bo‘lgani yo‘q. 35 kunga bormaydi. To‘lovlarni ham kartalar orqali amalga oshirib kelyapmiz”, – deydi 70 yoshli otaxon Dusbay Kartpanbetov.
Ma’lumki, joriy yilning sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2022/2023 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
Qarorda olis va borish qiyin bo‘lgan qishloqlarda 2022/2023 yillar kuz-qish davrida suyultirilgan gazni yetkazib berish va zaxirasini yaratish borasida aniq vazifalar belgilab berildi. Qaror ijrosi bugun gaz ta’minoti filiali tomonidan ta’minlanmoqda.
“Viloyat markazidan salkam 300 km olisda joylashgan ovulda ikkita – Gugurtli va Qizilravot qishloq aholisi hamda mavjud ijtimoiy ob’yektlar ham gaz balloni bilan ta’minlanadi. Har 30-35 kunga bormay gaz ballonlari o‘z egalariga tarqatiladi. Kuni kecha umumiy hisobda 2160 kg suyultirilgan gazga to‘ldirilgan 109 dona maishiy gaz ballonlari yetkazib berildi” – deydi gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Aziz Rasulov.
Gaz ballonlarini tarqatish davomida turli baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun undan foydalanganda xavfsizlikka rioya etish lozimligi xodimlar tomonidan tushuntirib o‘tilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, Amudaryo bo‘yida istiqomat qilayotgan cho‘lquvarlar ovulida ham otashin hayot qaynamoqda.
Yuqoridagi sa’y-harakat esa aholi turmush darajasini ko‘tarish, odamlar duch kelayotgan muammolarni joyida hal qilish, ertamiz egalari sog‘lom va talab darajasida bilim olishlari, o‘sib ulg‘ayishlari uchun zarur vositadir.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati