Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Buxoroning olis hududlaridan bo’lmish Qorovulbozor tumanida 4 mingdan ortiq tabiiy gaz iste’molchilari yashaydi. Hudud aholisini bir maromda, uzluksiz tabiiy gaz bilan ta’minlash uchun soha xodimlari tomonidan ishlar ko’lami kengaymoqda. Xususan, gaz ta’minoti filiali hamda “Qorovulbozortumangaz” gaz ta’minoti bo’limida faoliyat olib borayotgan xodimlar sa’y-harakati bilan tumandagi 29 kilometrdan ortiq yer osti gaz quvurining yer ustiga chiqarilishi boshlab yuborildi.
Ta’kidlash lozim, tumandagi “Jarqoq” mahalla fuqarolar yig’ini hududidagi diametri 219 mmli 11,500 km, “Navbahor” dagi 17,555 km hamda “Cho’lquvar” mahallasidagi 0,6 km yer osti gaz quvurlarining yer ustiga chiqarilishi rejada belgilangan bo’lib, amaliy ishni samarali tashkil etish maqsadida yigirmaga yaqin ishchi-xodimlar jalb etildi.
Gaz ta’minoti tomonidan qilinadigan har qanday jarayondan asosiy maqsad iste’molchining farovonligini ta’minlash, ularning mavjud muammolarining o’z vaqtida hal etilishiga e’tibor qaratish ekan, soha xodimlari bu borada tizimli ishlarni yo’lga qo’yilishiga ahamiyat qaratib kelmoqda. Tumanda bu kabi bo’layotgan katta o’zgarishlardan maqsad ham ana shunda. Bugun o’tgan yilga nisbatan e’tibor bir necha barobarga ortgan.
Aytish joiz, diametri 219 mmli bo’lgan gaz quvuri 1986-yilda qurilgan bo’lib, yer osti sizot suvlarining yuqoriga ko’tarilganligi sabab ta’mirtalab holga kelib qolgan. Bu esa aholining haqli e’tirozlariga sabab bo’lmoqda. Ayni shu kabi e’tirozlarning o’z vaqtida bartaraf etilishi uchun amaliy jarayonlarning natijadorligiga e’tibor berilmoqda. Bugunga qadar gaz quvurining 4,5 km qismida qazish ishlari olib borilgan bo’lsa, 2,600 kilometri esa yer ostidan yer ustiga chiqarildi. Bir kilometrdan ortiq gaz quvuri montaj qilindi.
Jarayonlar davom etmoqda. Bu samarali davomiylik ta’minot bilan bog’liq muammolarning hal etilishida, aholi farovonligini ta’minlashda, muhimi, yuzaga kelishi mumkin bo’lgan kamchiliklarning oldini olinishida xizmat qiladi.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati