Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Xonadonimizga bir me’yorda tabiiy gazning yetib kelishida zahmatkash gaz ta’minoti xodimlarining ishlari tahsinga sazovordir. Har bir sohaning o’ziga yarasha mashaqqati bo’lgani kabi gaz sohasida faoliyat yurituvchi xodimlar ham o’ziga yarasha qiyinchiliklarga duch keladi. O’z ishiga mas’uliyat bilan qarab, oldingi yillarda yo'l qo'yilgan xato va kamchiliklarni bugunning o'zida bartaraf qilishga odatlanib kelayotgan fidoiylar iste’molchilar bilan tez-tez uchrashib, profilaktika tadbirlarini amalga oshirmoqda. Gazdan to’g’ri va oqilona foydalanish tartibi bo'yicha iste’molchiga to’g’ri tushuntirish, favqulodda vaziyatlar sodir bo’lishining oldini olish “gaz”chilarning asosiy vazifasi sanaladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 23 sentabrdagi "Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2022-2023-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 522-sonli qarorida isitish mavsumida iste’molchilarga bir maromda gaz ta’minotini yetkazish borasida soha xodimlari uchun muhim vazifalar belgilangan.
“Hududgaz Poytaxt” gaz ta’minoti filiali hozirgi kunda 679 mingdan ortiq tabiiy gaz iste’molchilarga, 13 400 dan ortiq ulgurji tashkilotlarga xizmat ko’rsatib kelmoqda. Tabiiy gaz iste’molchilar xonadoniga 3 022 dona gaz taqsimlash qurilmasi orqali tabiiy gaz yetib boradi. Hozirda mavsumga tayyorgarlik ishlari yakuniga yetmoqda. Barcha tuman gaz bo’limi chilangar xodimlari tomonidan mahallalardagi gaz taqsimlash punktlari ta’mirlanib, bo’yoqlandi. Ma’nan eskirganlari yangisiga almashtirildi. O’tgan mavsumda aniqlangan kamchiliklar bartaraf qilinmoqda.
Jumladan, Yunusobod tumani, 2-mavzedagi tabiiy gaz iste’molchilarimizning murojaatlari o’rganilib, hozirda 3 kmga yaqin yer osti gaz quvurlari ma’nan eskirganligi sababli, yangisiga almashtirilmoqda. Natijada, 1 800 dan ortiq xonadonda gaz bosimi yaxshilanadi. “Registon”, “Bobodehqon” mahallalarida ikki bosqichli tizimga o’tkazish ishlari rejaga asosan olib borildi. Mirobod tumani, T. Shevchenko ko’chasida 1 kmga yaqin gaz quvuri almashtirilmoqda. Yakkasaroy tumani, Abdulla Qahhor ko’chasida gaz tarmog’ini mukammal ta’mirlash ishlari bajarilmoqda.
Jumladan, Toshkent shahrida jami 8 198, 161 kilometr gaz tarmoqlari mavjud bo’lib, shundan, yuqori bosimdagi gaz quvurlari 219,000, o’rta bosimdagi gaz quvurlari 13 57,627, past bosimdagi gaz quvurlari 6 722,364 kilometrni tashkil etadi. Ushbu gaz quvurlarining 2 185,600 km qismi yer ostida, (PET-85,396 km) 6 113,557 km qismi yer ustida joylashgan. Yer osti gaz quvurlaridagi jami quduqlar soni 2 511 dona bo’lib, shundan 959 dona past bosimli, 1 407 dona o’rta, 145 dona yuqori bosimli quduqlardir. Bundan tashqari gaz quvurlari atrofidagi muhandislik quduqlari 26 923 donadan iborat.
Toshkent shahri aholisiga 3019 dona gaz taqsimlash qurilmalari orqali tabiiy gaz yetkazib berilmoqda. Shundan, 123 dona yuqori, 2 896 dona o’rta bosimdagi bo’lib, 197 donasi maxsus qurilmali, 2 822 donasi shkafli. Yer osti gaz quvurlarini elektr kimyo himoyalash bo’yicha jami 200 ta uskunalar mavjud bo’lib, shundan, 162 tasi ish holatida 152,317 km yer osti po’lat gaz quvurlarini himoya qilmoqda. 15,85 km yer osti po’lat gaz quvurlari protektor himoyasida. Jami himoyalangan yer osti po’lat gaz quvurlari 168,167 kilometrni tashkil etadi.
Mavsumga tayyorgarlik ishlari davomida Yakkasaroy tumanida 2,7 kilometrga yaqin gaz quvurlari bo’yoqlandi. Tumandagi aholi isteʼmolchilarga jami 116 dona gaz taqsimlash punktlari orqali tabiiy gaz yetkazib berilmoqda. Hozirda barcha GTMlari texnik taftishdan oʻtkazilib, 21 tasi boʻyoqlandi.
Xususan, Mirobod tumanida 93 ta gaz taqsimlash moslamasi estetik jihatdan tartibga keltirildi. Shundan, 5 tasi mukammal ta’mirlandi, 13 kilometrdan ortiq gaz quvurlari bo’yoqlanib, mavsumga tayyor qilindi.
- Har bir tumanda gaz quvurlari va gaz taqsimlash punktlarining nazorati uchun chilangar xodimlar biriktirilgan. Mavsumga tayyorgarlik ko’rish jarayonida chilangarlar tomonidan 68 dona gaz taqsimlash punkti mukammal ta’mirlanib, mavsumda foydalanishga tayyor holga keltirildi. Shuningdek, gaz taqsimlash qurilmalarining 2 909 donasi taftish qilindi.
Ayni vaqtga qadar poytaxtimiz bo’yicha gaz quvurlarini bosim ostida zichligini sinash va havo bosimi yordamida tozalash bo’yicha 220 kilometr gaz quvurida ish amalga oshirildi. Yer osti gaz quvurlarining holatini pribor usuli bilan tekshirish bo’yicha 650 metr joyda ish olib borildi. Gaz quvurlarini joriy ta’mirlash va bo’yash ishlari esa 110 kilometrda bajarildi.
- Mirzo Ulug’bek, Olmazor, Yunusobod, Mirobod, Sergeli, Yangihayot, Chilonzor tumanlarida gaz quvurlarini estetik jihatdan tartibga keltirish, bo‘yoqlash ishlari davom etmoqda, - deydi filial mas’ul xodimi Erkin Ikromov.
Tizimda olib borilayotgan har bir ish zamirida xalq manfaati, ularning ertangi kunga bo’lgan ishonchi yotibdi. Bugun soxa xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida iste’molchilarimiz xonadoniga uzluksiz tabiiy gaz yetib borishiga erishiladi. Bu esa o’z navbatida vaqtida qilingan mehnatning qadr topayotganini anglatadi.
"Hududgaz Poytaxt" gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati