Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaztaʼminot” AJ va Italiyaning yetakchi kompaniyalari o‘rtasida mamlakatimiz gaz taʼminoti tizimini yana-da takomillashtirish va ilg‘or xorijiy tajribaga ega malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan bir qator bitim va shartnomalar imzolandi.
Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan “Pietro Fiorentini S.p.A.” kompaniyasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston gaz taqsimlash tizimini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish” loyihasi amalga oshiriladi. Mazkur loyiha “SACE” (Italiya) davlat eksport-kredit agentligi tomonidan 200 million yevro miqdorida jalb qilinadigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi. Shuningdek, “HGT Training” o‘quv markazi negizida gaz sohasi uchun ilg‘or Italiya tajribasi asosida yetuk muhandislarni tayyorlash maktabi tashkil etiladi.
Shuni taʼkidlash joizki, Davlat rahbari tomonidan mamlakatimiz gaz taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish, bunda kadrlar salohiyatini yana-da oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, 2022 yil 22 oktyabrda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida tabiiy gaz taʼminoti tizimida gazni qazib chiqarishdan isteʼmolchilarga yetkazib berishgacha bo‘lgan barcha bosqich va jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Bugungi kunda, “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan gaz taʼminoti tizimini raqamlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, o‘tgan uch yilda Jamiyat tomonidan “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimi”ni joriy etish loyihasi tatbiq etilib, barcha isteʼmolchilarga “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatildi. Natijada, isteʼmolchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratilib, ortiqcha ovoragarchiliklar, jumladan to‘lovlarni amalga oshirish uchun gaz taʼminoti idoralariga murojaat qilish va uzun navbatlarda turish, abonent daftarchalarini yuritish, hisoblagichlarni tekshiruvdan o‘tkazish, noto‘g‘ri hisoblangan qarzdorliklar va gaz taʼminoti tizimidagi boshqa murakkab jarayonlarga chek qo‘yildi. Hozirda barcha xizmat turlari onlayn rejimga o‘tkazilib, isteʼmolchi va gaz taʼminoti idoralari o‘rtasidagi munosabatlarda ochiqlik va shaffoflik taʼminlandi.
Aholiga tabiiy gazni yetkazib berish jarayonida yo‘qotishlar hajmining kamayishi, “zangori” yoqilg‘idan oqilona foydalanish uchun aholi o‘rtasida energiyani tejamkor texnologiyalarning bosqichma-bosqich ommalashuvi, loyihaning naqadar samaradorligini ko‘rsatmoqda. Biroq, o‘tgan qish mavsumi gaz taʼminoti tizimida hanuz ko‘plab ishlarni amalga oshirish lozimligini yaqqol namoyon etdi. Anomal sovuq havo-harorati va gazning past bosimiga moslashmagan hamda maʼnan eskirgan ayrim hududlardagi gaz uskunalari ishdan chiqqanligi natijasida gaz sizib chiqish holatlari isteʼmolchilarda ko‘pgina noqulayliklarni yuzaga keltirdi.
Kelgusida shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida, “Hududgaztaʼminot” AJ oldiga keyingi bir necha yilda 706,5 ming xonadon gaz taʼminoti tizimini ikki bosqichliga o‘tkazish va tabiiy gaz isteʼmol hajmi balansini avtomatik ravishda shakllantirish dasturini amaliyotga joriy etish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, 381,3 kilometr yangi gaz tarmoqlarini qurish, 452,4 kilometr mavjud gaz quvurlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ishlari rejalashtirilgan. Shu bilan birga, 5,4 mingta gaz taqsimlash punktlarini modernizatsiya qilish, shundan 2,8 mingta yuqori bosimli inshootlarda telemetriya tizimini joriy etish, gaz taqsimlash tarmoqlarida - yuqori aniqlikdagi ultratovushli gaz hisoblagichlarini o‘rnatish yuzasidan ustuvor vazifalar belgilandi.
Gaz taqsimlash tizimining keng ko‘lamli yangilanishi maʼnan eskirgan tarmoqlarni almashtirishga imkon beradi. Bu esa, o‘z navbatida tabiiy gaz yetkazib berishda yo‘qotishlarni kamaytirish, uning barcha toifadagi isteʼmolchilar o‘rtasida teng taqsimlanishi, shuningdek real vaqt rejimida texnologik jarayonlar ustidan onlayn nazoratni o‘rnatishda o‘z aksini topadi.
Italiya yetakchi kompaniyalari va “Hududgaztaʼminot” AJ o‘rtasidagi hamkorlik natijasida, erishilgan yuqori samaradorlik, shakllangan o‘zaro hurmat va ishonchli munosabatlarni inobatga olib, mamlakat gaz taqsimlash tizimini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida muvaffaqiyatli hamkorlikni davom ettirishga qaror qilindi. Bunda, gaz jihozlari va qurilmalarini ishlab chiqarishda dunyoning yetakchi kompaniyasi hisoblangan “Pietro Fiorentini S.p.A.” kompaniyasi zamonaviy gaz tartiblash punktlari (GTP), bosim rostlagichlar, filtr va boshqa komponentlarni, “Terranova S.R.L” kompaniyasi tomonidan esa gaz tartiblash punktlarini masofadan monitoring va nazorat qilishga imkon beruvchi telemetriya tizimi yetkazib beriladi.
Taʼkidlash joizki, “Pietro Fiorentini S.p.A” kompaniyasining 4 ta gaz taqsimlash punktlari tajriba-sinov tariqasida fuqarolarning eng ko‘p murojaatlari kelib tushgan Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi “Kattahovuz” mahallasida joriy etildi. Natijada, ushbu mahallaning gaz taʼminoti tizimini tartibga solinib, 305ta aholi xonadoni hamda 5 ta ulgurji isteʼmolchilarni tabiiy gaz bilan barqaror taʼminlash va real vaqt rejimida texnologik jarayonlarni nazorat qilish imkoniyatini yaratdi.
Mamlakat gaz taqsimlash tizimini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish bilan bir qatorda, zamonaviy va ilg‘or texnologilarda ish faoliyatini amalga oshiruvchi hamda gaz xo‘jaligi boshqaruviga zamonaviy tajribalarni joriy qilishda malakali soha muhandislarini qayta tayyorlashga alohida eʼtibor qaratiladi.
Yuqorida qayd etilganidek, 2022 yil 8 sentyabrda tashkil etilgan “HGT Training” o‘quv markazi negizida gaz sohasi uchun ilg‘or Italiya tajribasi asosida yetuk muhandislarni tayyorlash maktabi eng so‘nggi zamonaviy texnika va anjomlar bilan jihozlanadi hamda mashg‘ulotlarni o‘tish uchun xorijiy mutaxassislar taklif etilishi ko‘zda tutilgan. Hozirgi kunda, mazkur markazda gaz taʼminoti sohasida ilg‘or taʼlim dasturlari va texnologiyalari asosida chuqur bilimga ega rahbar xodim va mutaxassislarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimi yaratilgan.
Mamlakatimiz gaz taqsimlash tizimini modernizatsiya va rekonstruksiya qilishga qaratilgan investitsiya loyihasining amalga oshirilishi, isteʼmolchilar farovonligini taʼminlash, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yangi bosqichga ko‘tarish va gaz taʼminoti tizimini yangilash jarayonini yakunlashga imkon beradi.
Maʼlumot uchun:
“SACE S.p.A.” – Italiyaning davlat eksport-kredit agentligi 1977 yilda eksport kreditlarini sug‘urtalash bo‘yicha maxsus bo‘linma sifatida tashkil etilgan, aksiyalarning 100 foizi Italiyaning Moliya va Iqtisodiyot vazirligiga tegishli. Dunyoning 180 dan ortiq mamlakatlarida faoliyat ko‘rsatadi, siyosiy va iqtisodiy xavflarni o‘z zimmasiga olgan holda loyihalarni amalga oshiradi.
“Intesa Sanpaolo S.p.A.” – Italiyada bank xizmatlari bozorida yetakchi va Yevropa hududidagi eng yirik banklar guruhiga kiradi, nufuzli va xalqaro moliya institutlari orasida yuqori reytingga ega bank sifatida eʼtirof etiladi. Bank Italiyaning ikkita yetakchi banklari – “Banca Intesa” va “Sanpaolo IMI” birlashishi natijasida 2007 yil 1 yanvarda tashkil topgan. Bank dunyoning 34 mamlakatlarida, shu jumladan AQSH, Rossiya, Xitoy va Hindistonda faoliyat yuritadi.
“Pietro Fiorentini S.p.A.” - 80 yildan ortiq tarixi davomida tabiiy gazni qazib chiqarish, tashish va foydalanish uchun yuqori sifatli texnologik uskunalarni yaratish va ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro darajadagi kompaniya hisoblanadi. Mazkur kompaniyaga 1940 yilda Bolonya shahrida (Italiya) asos solinib, bugungi kunda zamon talabi va standartlariga javob beruvchi yuqori toifali gaz uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahonning yetakchi kompaniyasiga aylangan.
“Terranova S.R.L” – kommunal xizmatlar bozorida jahon yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Asosiy faoliyat yo‘nalishi - elektr energiyasi, gaz va suvni taqsimlash va sotish faoliyati uchun dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqishdan iboratdir. Kompaniya kommunal xizmatlar ko‘rsatuvchi kompaniyalarga keng qamrovli dasturiy yechimlarni taqdim etadi (intellektual hisobga olish va hisob-kitob qilish dasturlari, ishchi kuchini avtomatlashtirish, bek-ofis). Kompaniya xodimlari bugungi kunda uchta qitʼada 160 dan ortiq mijozlarga xizmat ko‘rsatadi.