Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
"Hududgaz Surxondaryo" gaz ta’minoti filiali tomonidan jurnalistlar ishtirokida Uzun tumanida joylashgan "Chagam" qishlog'iga press-tur tashkil etildi.
“HUDUDGAZ SURXONDARYO” GAZ TA’MINOTI FILIALI TOMONIDAN VILOYATIMIZDAGI 40 DAN ORTIQ OLIS MAHALLALARGA SUYULTIRILGAN GAZ BALLONLARI YETKAZIB BERIB KELINMOQDA
Yangi O‘zbekiston-inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlat. Buning isbotini yurtimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng miqyosdagi bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari misolida ham ko‘rish mumkin. Birgina misol, yillar davomida e’tibordan chetda qolib ketgan olis mahallalarda istiqomat qilayotgan aholi turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab olindi. Va bu borada bugun tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ana shu olis hudud aholisi ham uzluksiz suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmoqda. “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali tomonidan viloyatimizdagi 40 dan ortiq olis mahallalarga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berib kelinmoqda.
Misollarga yuzlansak, bugungi kunda 100 dan ortiq avtoulovlar orqali viloyatimizning iste’molchilariga suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filialiga qarashli 7 ta gaz tarqatish inshootlari vohamiz aholisiga xizmat qilmoqda. Ushbu gaz tarqatish inshootlari Qashqadaryoning Sho‘rtan gaz va Muborak gazni qayta ishlash zavodlaridan olib kelinishga ixtisoslashtirilgan.
Uzun tumanining Tojigiston Respublikasi bilan chegaradosh bo‘lgan “Chagam” qishlog‘i. Viloyatimiz markazidan 240 km uzoqlikda joylashgan ushbu qishloqda 86 ta gaz iste’molchilari yashaydi.
Olam keng, manzillar ko‘p, odamlar turfa. Yurt kezib, el tanib, fikr qilib yashashning zavqi o‘zgacha. Manzil-u makonlar ichra shundaylari borki, u yerda bir kungina yashasangiz bas, odamlarining samimiyati va shukronasi sizga ham yuqadi: ichingizda allaqanday pozitiv, yengillik uyg‘onganini sezasiz.
Uzun tumanining Tojigiston Respublikasi bilan chegaradosh bo‘lgan “Chagam” qishlog‘iga suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazilishi va bu jarayonlarda iste’molchilar fikrlari bilan o‘rtoqlashdik. Ha aytgancha, ushbu mahalla viloyat markazidan 240 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, borish uchun avval Termiz shahri, Termiz, Jarqo'rg'on, Qumqo'rg'on, Sho'rchi, Denov va Sariosiyo tumanlaridan o‘tib borilar ekan.
Tumanda shunday mahallalar borki, bu joylarga avtotransportlar yurishi juda mushkul bo‘lganligi uchun ham “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali tomonidan gaz iste’molchilariga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida maxsus aravalar tashkil etilgan. Ushbu mahallalarga maxsus aravalar orqali gaz ballonlar yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yilgan.
E’tirof etish joiz, yildan-yilga aholiga yaratilayotgan sharoitlar ko‘lami kengaymoqda. Sohadagi o‘zgarishlar shiddat bilan oshmoqda. Masalan, avvallari iste’molchi xonadonlariga gaz ballonlarini olib boradigan maxsus aravalar yo‘q edi. Bugun bunday ulov turining tashkil qilinishi fuqarolarimiz bilan birga soha xodimlari uchun ham qulay. Shunday hududlar borki, bu joylarga maishiy gaz balonni aravalarda olib borish ham imkonsiz. Bunday vaqtda soha xodimlari ballonlarni qo‘llarida ko‘tarib olib kirib, o‘rnatib berishadi.
Bizni xursand qiladigan tomoni “Uzuntumangaz” gaz ta’minoti xodimlari umrlaridan baraka topishsin, gaz ballonlarimiz oyma-oy keladi. Tuman markazidan ancha chaqirim uzoqda bo‘lsak ham vaqtida yetkazishadi. Tog‘liklarga qilinayotgan g‘amxo‘rlik va e’tibor barchaga manzur. To‘g‘risi, biz gazchilardan rozimiz, - deydi Saydullayev Xudaynazar.
Oshxonada gazni bo‘lishi juda muhim. Bazi vaqtlari o‘choqda qilishning imkonyati bo‘lmaydi. Gaz ballonlar o‘z vaqtida yetib kelyapti yaniy oyma-oy. Narxlari ham qimmat emas. Mingdan ming rozimiz gazchilardan. Oldinlari o‘choqlarda qilar edik. Gaz keldi qishloq ayyolarining og‘iri yengil bo‘ldi. Suyultirilgan gaz ballonlarni o‘zlari xonadonimizga olib kirib o‘rnatib berishadi. To‘g‘risi havfsizligimizga juda e’tiborli gaz xodimlari, -diydi mahalla fuqarolari.
Gaz ta’minoti xodimlari qishloq ahlining og‘irini yengil, mushkulini oson qilishdek xayrli ishni amalga oshirganlaridan mamnun bo‘lib, yana Uzunga otlanadi. Bunday ezgu ishlar mamlakatimizning olis va yaqin hududlarida inson qadri birdek ulug‘lanayotgani va xalqimiz manfaatlari ta’minlanayotganiga yaqqol dalildir.
“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati