Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Toshkent viloyatida gaz ta’minoti sohasining rahbarlari va tor doiradagi mutaxassislarini tayyorlash va qayta tayyorlashga mo‘ljallangan “HGT Training center” o‘quv markazining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu o‘quv markazining asosiy afzalligi zamonaviy o‘quv dasturlari asosida boshqaruvchi xodimlar va tor doiradagi mutaxassislarning malakasini oshirishga kompleks yondashuvdan iborat. Oʻquv jarayoniga eng yangi texnologiyalar va texnik vositalar kiritilgan, shuningdek, gazni tashish, tarqatish va gazdan foydalanish sohasidagi eng tajribali mahalliy va xorijiy professor-o‘qituvchilar taklif etilgan.
Markazdagi o‘quv jarayoni ma’ruzalar va interfaol o‘qitish usullariga asoslangan. Mashg‘ulotlarning aksariyati amaliy vazifalarni hal qilish uchun nazariy bilimlardan foydalanishga imkon beradigan amaliy va vaziyatli o‘yinlar, aqliy hujum va case-study shaklida o‘tkaziladi. Bundan tashqari, tinglovchilar uchun sayyor mashg‘ulotlar bevosita sohaning ishlab chiqarish ob’ektlarida olib boriladi. Bu yerda ularga nomdor xorijiy ishlab chiqaruvchilarning eng yangi texnologik uskunalarining imkoniyatlari namoyish etiladi.
Yaqin kelajakda “HGT Training center” o‘quv markazi negizida gaz sohasi muhandislarini tayyorlash Maktabi ishga tushiriladi. Bu borada “Hududgazta’minot” AJ va “Pietro Fiorentini S.p.A.” o‘rtasida kelishuvga erishilgan.
Ushbu Maktabni eng yangi texnologiyalar bilan jihozlash rejalashtirilgan, chunki uning asosida gaz sohasi muhandislarini sifatli qayta tayyorlash amalga oshiriladi. Mutaxassislar yangi uskunalarda ishlashga o‘rganishlari va gaz xo‘jaligini boshqarishga oid zamonaviy tendensiyalarini o‘zlashtirishlari uchun qulay sharoitlar yaratiladi.
E’tiborli jihati shundaki, “HGT Training center” o‘quv markazi ochilishiga “Hududgazta’minot” AJ tizimidagi bo‘limlar va xodimlarni boshqarish rahbarlari uchun seminar-trening tashkil etildi. Birinchi tinglovchilar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining yangi tahriri normalarini tushuntirish bo‘yicha o‘quv seminari o‘tkazildi. Seminar yakunida tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
“HGT Training center” o‘quv markazi soha boshqaruvchilari bo‘g‘ini va mutaxassislarida sifat jihatidan yangi boshqaruv madaniyati va ishlab chiqarish menejmentining ishonchli ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek, kadrlar kasbiy rivojlanishining umumiy darajasini yuksaltirish uchun asos sifatida xizmat qilishi kutilmoqda.