Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Qorasuv shahri o‘zining so‘lim tabiati va shifobaxsh havosi bilan butun respublikamizga ma'lum. Shahar ta'rifi uzoq ellarga taralgan. Lekin gap hozir bu haqda emas.
“Qorasuvshahargaz” filiali xodimlari shaharning barcha 10 ta mahallasida yashovchi 5 mingdan ortiq iste'molchiga suyultirilgan gazni o‘z vaqtida yetkazib berish harakatidalar. Bu gapning isbotini esa “Bobur” mahalla fuqarolar yig‘ini “Boburshoh” ko‘chasida istiqomat qiluvchi iste'molchilar ta'kidlashdi.
“Mahallamizga uzog‘i 40 kunda, odatda 30-35 kun oralig‘ida gaz keladi,-deydi mahalla faollaridan biri Matluba opa Kamalova. – Ilgarilari, ballonlarni yig‘ib, borib, to‘ldirib olib kelguncha kutardik. Mana “aylanma” usul bo‘lganidan beri qiyinchilik yo‘q. Doim nazorat tarozilarida maishiy gaz ballonlarni tortib ham berishadi. Oilalarimiz xursand...”
500 xonadonli “Bobur” MFYda 659 ga yaqin iste'molchi mavjud. Mahallada bir joyga yig‘ib olish odatlariga chek qo‘yilgan. Mahalla ahli suyultirilgan gaz kelishini bilgani uchun, belgilangan sanada o‘z ballonlarini darvozalari oldiga olib chiqib qo‘yishni odat qilibdilar. To‘g‘rida, tartib bor joyda baraka bo‘ladi va ishdagi unum ham ko‘rinadi.
“Yoshim ikki kam saksonda bolam - , deydi momolardan biri. Har safar, baraka topkurlar uyimgacha olib kirib, o‘zlari quloqlarini burab, o‘rnatib berishadi. Tarozisini ham ko‘tarib kirishadi. Avval tortib, kilogramini menga ko‘rsatishib, keyin o‘rnatishadi, uyingga baraka to‘lgurlar. Sog‘ bo‘lishsin, deya hamisha duo qilaman bu yigitlarni...”
Joriy yil boshidan beri bo‘lim xodimlari tomonidan iste'molchilarga 200 tonnaga yaqin suyultirilgan gaz yetkazib berildi va amaldagi reja 110 foizga bajarilmoqda. Qishin-yozin, kunning jaziramasiyu qishning qirovli kunlarida ham iste'molchilar gazsiz qolmayapti. Aholiga suyultirilgan gazni o‘z vaqtida yetkazib berishni esa “Qorasuvshahargaz” gaz ta'minoti bo‘limi xodimlari esa buni uddasidan chiqishyapti.
“Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti bo‘limi matbuot xizmati