Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Is gazidan zaharlanish va shunga o‘xshash noxush holatlar haqida eshitganimizda, kimnidir "ayblash"ga oshiqamiz. Ammo qachonki iste’molchi va tegishli soha xodimlari hamjihatlikda kurashsagina baxtsiz hodisalarning oldini olishga erishiladi.
Ana shu maqsadda "Hududgaz Navoiy" gaz ta’minoti filiali mas’ul xodimlari tomonidan belgilangan muddatlarda iste’molchilarning gaz jihozlariga texnik xizmat ko‘rsatilib, hududlarda targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda. Viloyat markazida yil boshidan buyon ko‘p qavatli uylar va hovli turar-joylardagi jami 43 457 ta xonadon, shuningdek, 892 ta ulgurji iste’molchilarda mavjud 52 762 ta gaz jihozi texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.
- Joriy yilning sentabr oyida shahar hududida 4235 ta xonadondagi 5458 ta gaz jihoziga texnik xizmat ko‘rsatildi. Zarur hollarda gaz jihozlari ta’mirlanib, xavfsizlik ta’minlanmoqda. Dudbo‘ronlarning o‘rnatilish tartibi va uning tozaligini nazorat qilish bo‘yicha aholi muntazam ravishda ogohlantirilmoqda, - deydi "Navoiyshahargaz" gaz ta’minoti bo‘limi xizmat boshlig‘i Sohib Aslonov.
Targ‘ibot tadbiri "Xoncharbog‘" mahallasida ham olib borildi. Hududda 984 ta iste’molchi 3000 taga yaqin pribordan foydalanadi. Mahalla hududida 25 ta ulgurji iste’molchining 70 ta gaz jihozi mavjud. Iste’molchilarning gazdan foydalanish holati o‘rganilib, kamchiliklar bartaraf etildi va iste’molchilarga energiya tejamkor uskunalardan foydalanishning afzalliklari bo‘yicha tushuntirish ishlarii olib borildi.
"Hududgaz Navoiy" gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati