Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Energiya resurslari, xususan, tabiiy gazni tejab ishlatish, undan oqilona foydalanish oilamiz iqtisodi uchun har tomonlama foyda keltiradi. Qolaversa, bu orqali jamiyatning iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashda har bir iste’molchi o‘zining munosib hissasini qo‘shgan bo‘ladi.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 22-avgustda qabul qilingan “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, tabiiy gaz ta’minotida tejamkorlikka erishish masalasiga soha xodimlari tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali va uning hududiy bo‘limlari tomonidan viloyatimizdagi aholi xonadonlariga o‘rnatilgan ma’nan eskirgan hamda ko‘p gaz sarflaydigan gaz gorelkali qurilmalarni energiya tejamkor qurilmalarga almashtirish borasida targ‘ibot tadbirlari va amaliy ishlar olib borilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan yarim yilligida aholi iste’molchilari xonadonlaridagi eskirgan hamda ko‘p gaz sarflaydigan 2233 ta gaz gorelkalari energiya tejamkor qurilmalarga almashtirildi. Ulgurji iste’molchilardagi 307 ta ko‘p gaz sarflaydigan qurilmalar ham olinib, o‘rniga tejamkor uskunalar o‘rnatildi. Natijada olti oyda o‘rtacha 672, 08 ming metr kub gaz iqtisod qilingan. Ya’ni, aholi iste’molchilaridagi tejamkor uskunalar evaziga 434,01 ming metr kub, ulgurjilar o‘rnatgan zamonaviy gorelkalar hisobiga 238,07 ming metr kub tabiiy yoqilg‘i tejalishiga erishilgan.
Ta’kidlash kerak, energiya tejovchi uskunalar xavfsizlik jihatidan ham iste’molchiga qulay bo‘lib, is gazidan zaharlanish kabi turli noxush holatlarning oldini olishni ta’minlaydi.
“Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati