Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Mazkur masala O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublika iste’molchilarining tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti tizimining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan. Hujjatga muvofiq, “Hududgazta’minot” AJga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Hukumat qarorida belgilangan vazifalar aholini gaz bilan ta’minlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomidir. Ta’kidlash kerakki, so‘nggi uch yilda iste’molchilarga suyultirilgan gaz yetkazib berish sohasi modernizatsiya qilindi. Jumladan, aholiga gaz ballonlarini “aylanma” usulda yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi, avtotransport vositalari parki sezilarli darajada kengaytirildi, temir yo‘llari bo‘ylab yoqilg‘ini tashish uchun vagon-sisternalari sotib olindi.
Natijada 3,7 mln. xonadonga suyultirilgan gaz yetkazib berish muddati 46-50 kundan 30-40 kungacha qisqardi. Bundan tashqari, gaz ballonlarini maxsus shtrix-kodlar orqali iste’molchiga yetkazib berish bo‘yicha onlayn monitoring o‘rnatildi, yoqilg‘i uchun o‘zaro hisob-kitoblar maxsus ID kartalar orqali naqd pulsiz shaklga o‘tkazildi, suyultirilgan gaz bilan ishlashning har bir bosqichida videokuzatuv kameralari o‘rnatilishi tufayli korrupsiya holatlari deyarli yo‘q qilindi.
“Respublika iste’molchilarining tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti tizimining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining qarori "Hududgaztaminot" AJ uchun aholini ijtimoiy ahamiyatga molik mahsulot bilan ta’minlash borasida yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Yil oxiriga qadar suyultirilgan gaz tashish hajmini 3,6 ming tonnagacha oshiradigan qo‘shimcha vagon-sisternalarni sotib olish, saqlash hajmini kengaytirish uchun gaz quyish shoxobchalariga 22 ta sig‘imlar o‘rnatish, shuningdek suyultirilgan gaz sifatini nazorat qilish uchun mustaqil kimyoviy laboratoriyani jalb qilish rejalashtirilgan.
2024 yilga borib suyultirilgan gaz hajmining oylik fondini bosqichma-bosqich 56 ming tonnagacha oshirish, 69 ming dona gaz ballonlarini aholiga foydalanish uchun yetkazib berish, shuningdek, “Isuzu” markali 31 ta yuk tashuvchi avtomobillar sotib olish hisobiga gaz ballonlarini tashishga mo‘ljallangan mavjud avtotransport parkini yanada kengaytirish rejalashtirilgan. Bularning barchasi xonadonlarga suyultirilgan gaz tashish hajmini oyiga o‘rtacha 1,9 tonnaga oshirishga xizmat qiladi.