Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgazta’minot” AJ binosining tomida mavjud elektr tarmog‘iga ulangan, quvvati 100 kVt teng On-grid tizimli quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Ushbu stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasi, birinchi navbatda, jamiyatning o‘z ehtiyojlari uchun sarflanadi, va shu bilan birga hududiy energetik tizimi tarmog‘idan energiya iste’molini kamaytiradi.
Energetika masalalari doimo davlatimiz rahbarining diqqat markazida. Ko‘plab yangi loyihalarga qo‘l urilmoqda, viloyatlarga safarlar chog‘ida aniq vazifalar belgilanmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 16 fevraldagi Qarori bilan mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilishni jadallashtirish yuzasidan keng qamrovli dastur qabul qilingan. Xususan, “Yashil energiya” kompaniyasi tashkil etilib, unga ko‘ra joriy yili korxonalarda, ijtimoiy soha obyektlarida va aholi uylarida umumiy quvvati 1 ming 700 MVt quyosh panellarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
Zamon tendensiyalariga amal qilib, “Hududgazta’minot” AJ sohaga energiyani tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha izchil ishlarni amalga oshirmoqda. Tabiiy resurslarni tejash o‘zidan boshlanishidan kelib chiqqan holda, gaz ta’minoti tizimi obyektlarida elektr energiyasi, gaz, suv va issiqlikdan oqilona foydalanish texnologiyalari joriy etildi.
Xususan, “Hududgazta’minot” AJ binosida ikki yil davomida harakat va mavjudlik sensorlari o‘z samaradorligini ko‘rsatib, ish kuni vaqtida elektr energiyasini iste’mol qilishni bir necha barobar kamaytirdi. Bundan tashqari, issiq suv bilan ta’minlash uchun hududiy gaz ta’minoti filiallarida quyosh geliokollektorlari, isitish qozonlarida esa – energiyani tejaydigan gaz yondirgichlari o‘rnatildi. 2022 yilda o‘z ehtiyojlari uchun tabiiy gaz iste’moli 6,18 mln. metr kubga kamaydi.
Aksiyadorlik jamiyati binosiga On-grid tizimli fotoelektr stansiyasi o‘rnatilishi energiyani tejashga oid ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. “Hududgazta’minot” AJ binosida o‘rnatilgan fotoelektr stansiyasining o‘ziga xos xususiyati jamiyat ehtiyojlari uchun zarur bo‘lganidan ko‘proq elektr energiyasini ishlab chiqarishidan iborat. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yiliga 180 ming kVt. soat yoki 144 mln. so‘m miqdorida elektr energiyasi iste’molini kamaytiradi.
Ta’kidlash joizki, “Hududgazta’minot” AJ da, shuningdek, kutilmagan vaziyatlarda jamiyatning ma’muriy binosini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlaydigan quvvat manbai (UPS) va akkumulyator batareyalari o‘rnatilgan.
Ayni paytda “Hududgazta’minot” AJ filiallari binolarini ham qayta tiklanadigan energiya qurilmalari bilan ta’minlash ishlari olib borilmoqda. Energiyani iste’mol qilishda ortib qoladigan energiya miqdori Toshkent shahar va hududiy elektr tarmoqlariga o‘tkaziladi.
“Hududgazta’minot” AJ filiallari binolariga o‘rnatiladigan quyosh panellarining umumiy quvvati 130 kVt ni tashkil etadi. Gaz to‘ldirish shoxobchalariga kelsak, quyosh energiyasida ishlaydigan 250 ta yoritish qurilmalarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, “Hududgazta’minot” AJ tizimida qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish elektr energiya sarfini 364 ming kVt ga kamaytirishga va yiliga 291,2 million so‘m mablag‘ni tejab qolishga imkon beradi.