Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi, jamiyat farovonligining oshishida energiya resurslari muhim ahamiyatga ega. Xususan, aholining maishiy ehtiyoji va ishlab chiqarish tizimini tabiiy yoqilg‘ilarsiz tasavvur etish qiyin. So‘nggi yillarda energiya sohasida olib borilgan islohotlar xavfsizlikni ta’minlash, tejamkorlikka erishish hamda yo‘qotishlarning oldini olishda o‘z natijasini ko‘rsatmoqda.
Tabiiy gaz ta’minotida raqamli iqtisodiyotning joriy etilishi va ta’minotning ikki bosqichli tizimga o‘tkazilishi pirovardida bu boradagi mavjud muammolar o‘z yechimini topmoqda.
Ayni vaqtga qadar viloyatda avtomatlashtirilgan tizimga asosan, “aqlli” hisoblagichlar to‘liq o‘rnatib bo‘lingan hududlardagi 1007 ta gaz taqsimlash qurilmasi demontaj qilib olindi. Hozirda uch bosqichlidan ikki bosqichli gaz ta’minoti tizimiga modernizatsiya qilingan xonadonlar soni 42 869 tani tashkil etadi. Shundan:
Karmana tumanida 17 456 ta;
Qiziltepa tumanida 9 314 ta;
Konimex tumanida 689 ta;
Navoiy shahrida 1458 ta;
Navbahor tumanida 3214 ta;
Nurota tumanida 3 578 ta;
G‘azg‘on shahrida 689 ta;
Xatirchi tumanida esa 6471 ta xonadonga tabiiy gaz ikki bosqichli tizim orqali yetkazilmoqda.
- Gaz ta’minoti ikki bosqichli tizimga o‘tgan mahallalarda tabiiy gaz bosimi yilning har qanday faslida bir me’yorda bo‘ladi. Chunki gaz bosimi hududlardagi gaz maromlash punktlari orqali nazorat qilinmaydi. Zamonaviy hisoblagichlarga o‘rnatilgan regulyator (maromlash qurilmasi)ning o‘zi bu vazifani bajaradi. Viloyatda tadbir boshidan buyon gaz hisoblash uskunalariga 68 673 ta ana shunday qurilma o‘rnatildi. Tuman va shaharlarda bosqichma-bosqich gaz taqsimlash qurilmalarini demontaj qilib olish ishlari davom etmoqda. Yil oxiriga qadar yana 334 ta qurilmani demontaj qilish ko‘zda tutilgan, - deydi "Hududgaz Navoiy" gaz ta’minoti filiali mas’ul xodimi Jaynar Abdullaev.
Ushbu tizim turli yo‘qotishlarning oldini olish bilan birga sohada ish samaradorligi va unumdorligini oshirmoqda. Aholi farovonligini yanada yaxshilashda bunday islohotlar muhim ahamiyat kasb etadi.
"Hududgaz Navoiy" gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati