Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaztaʼminot” AJ Boshqaruv raisining tegishli topshirigʻi bilan respublikamizning barcha hududlarida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash va ularni oldini olishga qaratilgan tadbirlar davom ettirilmoqda.
Toshkent viloyatida gaz taʼminoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari, tuman/shahar gaz taʼminoti boʻlimi va Oʻzenergoinspeksiya xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan mana shunday tadbirlarda “zangori yoqilgʻi”dan foydalanishda qoidabuzarlik sodir etganlar aniqlandi.
Toshkent tumanida joylashgan “I. S. S.” MCHJga qarashli mebel ishlab chiqarish korxonasida tabiiy gazdan foydalanish holati oʻrganilganda, isteʼmolchi taʼminot idorasi bilan shartnoma tuzmasdan, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani maʼlum boʻldi. Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 1 milliard 134 million soʻmlik zarar aniqlandi.
Yana bir noqonuniy holat tumanning “Chinor” MFYda joylashgan “D. D. A.” YATTga qarashli ovqatlanish maskanida fosh etildi. Binoda hisoblagichdan tashqari rezina shlang orqali tarmoqqa ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelinayotgani maʼlum boʻldi. Mazkur holat boʻyicha 137 million soʻmlik zarar qayta hisob-kitob qilindi.
Yuqoridagi noqonuniy holatlarga oid barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi.