Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Tabiiy gazdan toʻgʻri foydalanish hamda noqonuniy holatlarga chek qoʻyish maqsadida joylarda gaz taʼminoti xodimlari tomonidan tushuntirishlar davom etmoqda. Targʻibotlar olib borilayotganiga qaramay ayrim isteʼmolchilarda tabiiy gazdan noqonuniy yoki notoʻgʻri foydalanish holatlari kuzatilmoqda.
“Hududgaztaʼminot” AJ Boshqaruv raisining topshirigʻi bilan respublikaning barcha hududlari, xususan, “Hududgaz Buxoro” gaz taʼminoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari, tuman/shahar gaz taʼminoti boʻlimi xodimlari va huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda viloyat boʻylab keng koʻlamli reydlar oʻtkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlarning birida Shofirkon tumanining “Qalmaqon” mahallasida joylashgan xususiy klinikada tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Isteʼmolchi qoʻshnisiga qarashli ofis binosidagi gaz quvuriga rezina shlang orqali yashirin ulangan holda “zangori yoqilgʻi”dan noqonuniy foydalanib kelgani maʼlum boʻldi. Holat boʻyicha dalolatnoma tuzilib, qayta hisob-kitob amalga oshirildi va gaz taʼminoti korxonasiga 255 mln 499 ming soʻm miqdorida zarar keltirilgani aniqlandi.
Holat boʻyicha hujjatlar tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillariga topshirildi.