Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaztaʼminot” AJ boshqaruv raisining tegishli topshirigʻi bilan respublikaning barcha hududlarida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash va ularni oldini olishga qaratilgan tadbirlar davom ettirilmoqda. Xorazm viloyatida filial komplayens nazorat tuzilmalari, tuman gaz taʼminoti boʻlimi va hamkor tashkilotlar ishtirokida oʻtkazilgan reydlar vaqtida qator qonunbuzilish holatlari fosh etildi.
Urganch tumani “Beruniy” MFY Navqiron koʻchasida istiqomat qiluvchi fuqaro S. K. oʻz xonadonida gaz hisoblash uskunasidan tashqari yashirin tarmoq tortib, tabiiy gazdan oʻgʻrincha foydalangani va taʼminot korxonasiga 218 million 478 ming soʻm zarar yetkazgani aniqlandi.
Ushbu mahallaning Nurli kelajak koʻchasida yashovchi fuqaro A. R. xonadonida ham xuddi shunday qoidabuzarlik fosh etildi. Holat yuzasidan 216 million soʻmlik tabiiy gaz hajmlari qayta hisob-kitob qilindi.
Hazorasp tumani “Istiqlol” MFYda joylashgan K. X. ga tegishli xonadonda ham rezina shlang orqali gaz tarmogʻiga toʻgʻridan toʻgʻri ulanib olish holati aniqlandi. Isteʼmolchiga nisbatan 50 million 562 ming soʻm jarima belgilandi.
Yuqoridagi barcha holatlar yuzasidan dalolatnomalar tuzilib, hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.