Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Darhaqiqat, shunday. Korrupsiya botqog‘iga botgan har bir shaxs o‘z taqdirini o‘zi barbod etadi. Shaʼni, obro‘si, jamiyatdagi mavqeidan ayriladi. “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filialida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish ayni shu mavzuga bag‘ishlandi. Unda filial rahbariyati, xodimlar va zum platformasi orqali shahar, tumangaz gaz taʼminoti bo‘limi boshliqlari va mutaxassislari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda aholiga tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayonlarida shaffoflikni taʼminlash, har bir xodim halollikka va intizomga rioya etishi, birgina noto‘g‘ri qadam ayanchli oqibatlarga olib kelishi atroflicha tushuntirildi.
Xususan, Prezidentimizning 2025 yil 26 dekabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida bu illatga qarshi kurashish yana-da kuchaytirilishi qayd etilgani aytib o‘tildi.
“– Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa islohotlarimizga xiyonatdir!
Bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026 yilda “favqulodda holat” eʼlon qilamiz, – dedi davlatimiz rahbari”.
Barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga masʼul o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi. Hisob palatasining vakili faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Davlatning har bir so‘m mablag‘i, resursi bo‘yicha shaxsiy javobgarlik kuchaytiriladi.
-O‘z manfaatini deb xizmat vazifasini suiisteʼmol qilish holati aytish kerakki, gaz taʼminoti tizimida ham uchrab turadi,- deydi filialning moddiy resurslardan oqilona foydalanish va korrupsiyaga qarshi siyosatni amalga oshirish bo‘limi boshlig‘i Akmal Ochilov.- Bunday holatlar oldini olish maqsadida doimiy nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga aholi va ulgurji isteʼmolchilarning tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishi bo‘yicha ham doimiy reyd tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Tabiiy gazga yashirincha noqonuniy ulanishlar bo‘yicha tegishli tartibda choralar ko‘riladi. Bu bo‘yicha ham reyd tadbirlarini kuchaytirganmiz.
Aytish kerakki, korrupsiyaga qarshi kurashish O‘zbekistonda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylanib ulgurgan. Shunday ekan, bu illatga qarshi turish har bir fuqaroning burchi, vijdon oldidagi vazifasidir.
Yig‘ilish yakunida xodimlarga vijdonan va halol ish faoliyatini olib borishi yana bir karra uqtirildi. Shuningdek, noqonuniy gazga ulanishlarni aniqlash bo‘yicha reydlarni kuchaytirish, debitor qarzdorliklarni bartaraf etish, tafovutni kamaytirish bo‘yicha zarur topshiriqlar belgilab berildi.
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati