Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaztaʼminot” AJ boshqaruv raisining tegishli topshirigʻi bilan tuzilgan ishchi guruh tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida tabiiy gazdan foydalanish holatlarini oʻrganish jarayonida Taxiatosh tumanidagi bir nechta avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalarida (AGTKSH) qoidabuzarliklar aniqlandi.
Taxiatosh tumanidagi “I. R. 1” va “I. R. 2” MCHJlarga qarashli AGTKSHlar xatlovdan oʻtkazilganda, har ikki “metan zapravka”dagi hisoblash uskunasiga tashqi taʼsir etish holatlari aniqlandi. Aniqlangan holatlar yuzasidan dalolatnomalar tuzilib, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 2 milliard 468 million soʻm hamda 2 mlrd 330 mln soʻmlik zararlar qayd etildi.
Tumanda joylashgan “T. M. S.” MCHJga qarashli AGTKSHda esa hisoblagichning harorat datchigi koʻrsatkichini oʻzgartirish maqsadida moslamalar oʻrnatilgani aniqlandi. Holat boʻyicha dalolatnoma rasmiylashtirilib, dastlabki xulosalarga koʻra, 3 mlrd 831 mln soʻmlik tabiiy gaz hajmlari qayta hisob-kitob qilindi.
Aniqlangan barcha holatlar boʻyicha toʻplangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. Ishchi guruh tomonidan oʻrganish ishlari davom ettirilmoqda.