Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaz Buxoro” gaz taʼminoti filiali mahalla isteʼmolchilari bilan ishlash boʻlimi xodimlari tomonidan joylarda nazorat tadbirlari davom etmoqda. Buxoro tumanida olib borilgan xatlov jarayonida Toshmachit qishlogʻida yashovchi fuqaro Oʻ. E. oʻz xonadonida tabiiy gazga hisoblagichdan oldin yashirin yoʻl bilan ulanib, energiya resursidan noqonuniy foydalangan hamda gaz taʼminotiga 50 mln 25 ming soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazgan.
Filialning komplayens nazorat tuzilmalari tomonidan ham qator qonunbuzilish holatlari fosh etildi. Xususan, Shofirkon tumanining “Zarchabek” MFYda yashovchi Gʻ. Q. ning xonadoni tabiiy gaz isteʼmoli boʻyicha koʻrikdan oʻtkazilganida, isteʼmolchi elektron gaz hisoblash uskunasidan tashqari yashirin yoʻl bilan tabiiy gaz tarmogʻiga ulangani maʼlum boʻldi. Holat yuzasidan 92 mln 997 ming soʻmlik tabiiy gaz hajmlari qayta hisob-kitob qilindi.
Tumanning “X. Orifiy” mahallasida istiqomat qiluvchi Gʻ.Q. ham xuddi shu kabi qonunbuzarlikni sodir etgan hamda 43 mln 911 ming soʻmlik zarar keltirgan.
Buxoro shahrining Hamza koʻchasida joylashgan, fuqaro A. A.ga tegishli boʻlgan noturar binoda tegishli loyiha-texnik hujjatlarisiz tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilayotgani aniqlandi. Hisob-kitoblarga koʻra isteʼmolchi 147 mln 27 ming soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazgan.