Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Bugungi globallashuv va tezkor taraqqiyot davrida har bir davlatning ertangi kuni, avvalo, uning yosh avlodiga bevosita bog‘liq. Ayniqsa, O‘zbekiston kabi yoshlar salohiyatiga katta ishonch bildirayotgan mamlakatlar uchun bu masala strategik ahamiyat kasb etadi. Bugun yoshlarning bilim olishlari, kasb egallashlari va jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash — bu faqat moddiy rag‘bat emas, balki ularga ishonch bildirish, fikrini tinglash va tashabbuslari uchun sharoit yaratishdir. Shu bois hozirgi kunda yoshlar bilan ochiq muloqot, forum, tanlov va uchrashuvlar muntazam tashkil etilib, ularning hayotdagi o‘rni va mas’uliyati yanada oshirilmoqda. Xususan, "Hududgaz Namangan" gaz ta'minoti filiali rahbari I.Mamadjanov boshchiligida Uychi tumanida yoshlar bilan uchrashuv o'tkazildi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — bandlik masalasida ko‘mak berish hamda kasbiy rivojlanish uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat bo‘ldi. Filial rahbari so‘zga chiqib, bugungi kunda har bir sohada yoshlarga katta ishonch bildirilib, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.
Muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita javob oldi. Xususan, ishga qabul qilish tartibi, kasbiy tayyorgarlik, mehnat sharoitlari, ijtimoiy himoya hamda yoshlar uchun yaratilgan imtiyozlar yuzasidan atroflicha tushunchalar berildi.
Yoshlar — bu yurtning ertangi egalari, mustaqilligimizning ishonchli tayanchi va taraqqiyotimizning bosh harakatlantiruvchi kuchidir. Ularning bilimli, vatanparvar, tashabbuskor bo‘lib ulg‘ayishi esa bizning bugungi sa’y-harakatlarimizga chambarchas bog‘liq. Zero, yoshlari e’zozlangan jamiyatning kelajagi ham porloq bo‘ladi.
"Hududgaz Namangan" gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati