Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali va shahar-tuman boʻlimlari jamoalarining butun diqqat-eʼtibori hozirgi kunda kuz-qish mavsumidan bahor fasliga oʻtish davrini jiddiy talabchanlik bilan oʻtkazishga qaratilgan. Uni betalafot oʻtkazish boʻyicha koʻp qavatli uylar, aholi xonadonlari, ijtimoiy soha obyektlari hamda mahalla fuqarolar yigʻinlari bilan hamkorlikda ish olib borishga ahamiyat berilmoqda. Targʻibot vaqtida tabiiy gazdan toʻgʻri foydalanishlik, qoʻlbola isitish anjomlari va rezina shlanglardan foydalanishning ogʻir oqibatlari haqida tushuntirish va targʻibot ishlari olib borilmoqda. Bunda soha xodimlari isteʼmolchilarga gazdan noqonuniy foydalanmaslik, isitish pechlari va boshqa gaz jihozlarini texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi, shuningdek dudburon va moʻrkonlarni tozaligiga ham ahamiyat berish kerakligini uqtirishmoqda.
Asaka tumanidagi aholi xonadonlarida ham targʻibot ishlari olib borilmoqda. “Beruniy” MFYdagi hovli uylar hamda “Baraka” MFY oʻramidagi koʻp qavatli uylarda ham tushuntirish ishlari oʻtkazilmoqda. Bunda texnik qarov bilan birgalikda gaz xoʻjaligidan foydalanish qoidalariga alohida eʼtibor qaratilyapti. Tumanda 117 ming 749 ta gaz jihozi mavjud. Shundan 48 mingdan ortigʻi 2 komforkali, 3 776 tasi 3 hamda 10 ming 359 tasi 4 komforkali gaz jihozlarini tashkil etadi. 15 mingdan ortiq isitish qozonlari, 5 mingga yaqin hammomlardagi titanlar 2 yarim ngdan ortiq boshqa turdagi gaz jihozlari joriy yilda texnik qarovdan oʻtkazilishi kerak.
“Barcha mahallalarga uy ichi gaz jihozlariga xizmat koʻrsatuvchi chilangarlar biriktirilgan. Xonadonlarga kirilganda texnik qarov oʻtkazish bilan birgalikda gaz xoʻjaligidan foydalanish qoidalari tushuntirilmoqda. Kunlar isigan paytda, koʻpchilik gaz jihozlariga beeʼtibor boʻladilar. Natijada is gazidan zaharlanish kelib chiqadi. Targʻibotlarimizdan maqsad, mana shu “oʻtish” davrida xonadonlarda noxush holatlar roʻy bermasin” — , deydi “Asakatumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi boshligʻi Ulugʻbek Zulfiqorov.
Kuz-qish davri yakunida ham gaz plitalari, qozonxonalar, kaminlar, pechlar va boshqa gaz jihozlarining xavfsiz ishlashi uchun uy xoʻjaliklaridagi dudburonlar va shamollatish tizimini tekshirish zarur va shartdir. Hech bir mubolagʻasiz aytish kerakki, gaz sizib chiqish holatida, iz gazi paydo boʻlganida, kvartira va uylar tutunga toʻlganda soz holatdagi shamollatish tizimi xavfli moddalarni tashqariga chiqarib, inson hayotini saqlab qolishga sabab boʻladi. Shuning uchun ularni oʻz vaqtida tekshirish va texnik xizmat koʻrsatish juda muhimdir.
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati