Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali tomonidan shahar-tuman gaz taʼminoti boʻlimlari bosh muhandislari uchun oʻtkazilayotgan koʻrgazmali seminarning navbatdagi manzili Asaka va Marhamat tumanlari boʻldi.
“Asakatumangaz” gaz taʼminoti boʻlimida tabiiy gaz tarmoqlarida amalga oshirilgan ishlar, taʼminotni yanada yaxshilash borasida koʻrilgan amaliy choralar, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida bajarilgan harakatlar yuzasidan taqdimot oʻtkazildi. Unda har ikki tumanda qilingan ishlar yuzasidan sarhisoblar berildi.
“Aholi va ulgurji tarmoqlari ajratilganligi natijasida 10 kunda 240 ming kub metr gaz iqtisod qilindi, — deydi “Asakatumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi boshligʻi Ulugʻbek Zulfiqorov. – Bir oyda bu koʻrsatkich 720 ming kubni, yil oxiriga qadar esa 5 million kub metrdan ziyod gazni iqtisod qilishga erishmoqchimiz”.
“Asaka” avtomatik gaz toʻldirish shoxobchasida isteʼmolchilarga tabiiy gaz yetkazib beruvchi tarmoqlarni tartiblash ishlari ishtirokchilarga havola etildi. Xususan, ulgurji isteʼmolchilar va aholi tarmoqlarining alohida etib ajratilganligi, har bir tarmoq boshiga maxsus gaz hisoblash uskunalarining oʻrnatilganligi, yetkazib berilayotgan har bir metr kub gaz miqdorining aniq hisob-kitobi olib borilayotganligi alohida taʼkidlandi.
“Marhamat tumanimizda yana 900 ta xonadonni uch bosqichli tizimdan ikki bosqichli tizimga oʻtkazamiz. Buning uchun xonadonlardagi gaz hisoblash uskunalariga maxsus regulyatorlar oʻrnatilmoqda. Mavsumga tayyorgarlik borasida ham ishlarimiz jadal davom ettirilmoqda”, — deydi “Marhamattumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi bosh muhandisi Botirjon Abdullaev.
Marhamat tumanida ham avtomatik gaz tarqatish shoxobchasida tarmoqlarning tartibga keltirish yakunlari hamda “Alitepa” mahalla fuqarolar yigʻini oʻramida tabiiy gaz yetkazib berishning uch bosqichli tizimidan ikki bosqichli tizimiga oʻtkazish jarayonlari bilan tanishildi.
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati