Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Bugun Buxoro viloyatida 260 mingdan ortiq tabiiy gaz iste’molchilari istiqomat qiladi. Ulardagi tabiiy gaz to‘lovi bilan bog‘liq muammolarni oldini olish maqsadida zamonaviy hisoblagichlar o‘rnatilmoqda. Quvonarlisi, har bir xonadon egasiga o‘rnatilish jarayonida albatta targ‘ibot, tushuntirish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qorovulbozor tumanining “Imom al-Buxoriy” MFY Amir Temur ko‘chasida istiqomat qiluvchi Bobur Beknazarov bugun zamonaviy hisoblagichning imkoniyatlaridan to‘liq va samarali foydalanib kelayotganlardan biri hisoblanadi. “Aqlli” hisoblagich nomi bilan aqlli ekan. O‘rnatib ketishganidan so‘ng xodimlar “Sms xabar keladi, e’tiborli bo‘ling va vaqtida to‘lang”, deyishdi. Qarzdorligimiz to‘g‘risida xabar keldi, to‘ladik. Uzilishlar bo‘lgani yo‘q, muammolar ham kelib chiqmadi”, – deydi iste’molchi alohida ta’kid bilan.
Qorovulbozor tumanida 4962 nafar tabiiy gaz iste’molchilari istiqomat qiladi. Bugun ularning barchasi zamonaviy hisoblagichlar bilan ta’minlandi. Ishni yakuniga yetkazgan “Qorovulbozortumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi vakillari hisoblagichlarning imkoniyatlari, ulardan to‘g‘ri va oqilona foydalanish to‘g‘risida tushuntirish targ‘ibot ishlarini olib borishmoqda.
Har bir fuqaro agar to‘lov madaniyatiga rioya etsa, shubhasiz, zamonaviy hisoblagich bilan bog‘liq muammolarga duch kelmaydi. Alohida ta’kidlash lozim, agar qarzdorlik to‘lovi to‘lanmasa, hisoblagich avtomatik ravishda o‘chib qoladi. Fuqaro tabiiy gaz ta’minotidan uziladi. Hisoblagich o‘chib qolganidan so‘ng to‘lov amalga oshirilsa inson xavfsizligi e’tiborga olinib, hisoblagich o‘z-o‘zidan yonmaydi. Bunda bevosita telefon raqamiga kelgan maxsus kodlar orqali amalga oshirilishi lozim. Bu esa shubhasiz vaqt talab etadi. Qorovulbozor tumanining “Imom al-Buxoriy” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro Muzaffar Hamdamov e’tiborsizligi sabab muammolarga duch keldi. U suhbat davomida gaz to‘lovidan qarzdorligi bo‘la turib, garchand sms xabarnoma kelgan bo‘lsa-da, e’tibor qaratmaganligi, natijada zamonaviy hisoblagich o‘chib qolganligi va tabiiy gaz bilan bog‘liq muammo yuzaga kelganligini aytib o‘tdi.
To‘lovni amalga oshirgan bo‘lsa-da, gaz ta’minoti bilan bog‘liq noqulayliklar kuzatilgan. Ya’ni hisoblagichni qayta yoqish uchun belgilangan qoidalarga asoslanib, xavfsizlikka rioya etgan holda bosqichma-bosqich uni amalga oshirish lozim bo‘lib, bu ma’lum muddatga vaqtni talab etgan. Har bir iste’molchi ana shunday muammolarga duch kelmasligi hamda tabiiy gazdan bir maromda foydalanib kelishi uchun albatta zamonaviy hisoblagichdan to‘g‘ri va oqilona foydalanishi, qarzdorlik to‘lovini vaqtida amalga oshirishi shart.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati