Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Davlatobod tumanida profilaktik tadbirlar bo'lib o'tmoqda
Davlatobod tumanida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazishga qaratilgan profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bu tadbir "Hududgaz Namangan" gaz ta'minoti filiali va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilib, aholini xavfsizlik qoidalariga rioya qilishga undash, xonadonlarda gaz va elektr isitish moslamalaridan xavfsiz foydalanishni ta'minlashga qaratildi.
Tadbir davomida Davlatobod tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limida maxsus ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruh tumanning "Umid" mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan ko‘p qavatli turar-joylarda yong‘inga qarshi xavfsizlik holatini tekshirdi. Uy egalari bilan muloqotlar tashkil etilib, ularning xonadonlarida gaz va elektr isitish moslamalaridan xavfsiz foydalanish qoidalari, shu jumladan, is gazidan saqlanish bo‘yicha muhim ko‘rsatmalar berildi.
Uy egalari va fuqarolarga xonadonlarda ventilyatsiya tizimining to‘g‘ri ishlashini ta'minlash, gaz moslamalaridan foydalanganda havoni muntazam yangilab turish, nosoz gaz uskunalaridan foydalanmaslik, hamda isitish moslamalarini nazoratsiz qoldirmaslik bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida eshik va derazalarning yetarli darajada shamollatilishini ta’minlash zarurligi alohida ta'kidlandi.
Shuningdek, fuqarolarga yong‘in xavfsizligi va gazdan foydalanish qoidalari haqida eslatma plakatlari tarqatildi, bu orqali har bir xonadon egasi kuz-qish mavsumida xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilishning muhimligi haqida ogohlantirildi.
Mazkur profilaktik tadbirlar viloyatning boshqa hududlarida ham davom etmoqda. Bu orqali aholi o‘rtasida xavfsizlik choralariga rioya qilish, yong‘in va gaz bilan bog‘liq noxush hodisalarni oldini olishga qaratilgan tadbirlar muntazam o‘tkazilib, kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazishga qaratilgan chora-tadbirlar kuchaytirilmoqda.
“Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati