Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Har qanday tizimda olib borilayotgan faoliyat jarayonida shubhasiz, xodimning o‘z oldiga qo‘ygan asosiy maqsadi bo‘ladi. Bu esa xalq farovonligi va ularning yashash sharoitining yaxshilanishiga xizmat qilishi tabiiy. Ma’lumki, gaz ta’minoti tizimida “mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Aholi o‘z murojaatini mahallada tashkil etilgan tizim xodimiga murojaat qilishi mumkin. Natijada esa gaz ta’minot xodimi va iste’molchi orasidagi masofa yanada yaqinlashdi. “Mahallabay” ishlash tizimining afzalligi shundaki, iste’molchi endi sarson bo‘lmaydi, gaz bilan bog‘liq muammosi bo‘lsa, mahallasiga borib, hududga biriktirilgan gazchi ko‘magidan foydalanadi. Shu bilan birga, vaqt yo‘qotishlarning oldi olinadi. Bugun Andijon viloyatida bu boradagi jarayonlar namunali tashkil etilmoqda.
Baxtiyor Abdusalomov ham “Andijonshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limida mahalla gazchisi lavozimida mehnat qilib kelmoqda. Xodimga shahardagi “Bog‘ishamol” yirik hududiga kiruvchi “Pistamozor”, “O‘zbekiston 20 yilligi”, “Yangi hayot”, “Bog‘i Eram” va “Buyuk Ipak yo‘li” mahallalari biriktirilgan bo‘lib, ushbu mahallalarda joylashgan hovli va ko‘p qavatli uylardagi iste’molchilar soni jami 2 ming 570 tani tashkil etadi.
“...Mahalladagi har bir xonadonga tabiiy gazdan to‘g‘ri foydalanish, xavfsizlik qoidalariga rioya etish, zamonaviy energiya tejamkor gaz yondirgichlaridan foydalanish va boshqa zarur qoidalar bo‘yicha ogohlantirish berib kelyapmiz, - deydi mahalla gazchisi B.Abdusalomov.- Shu bilan birga iste’molchilarning gaz bilan bog‘liq murojaatlarini o‘rganamiz, kamchiliklar aniqlanganda bartaraf etish choralarini ko‘ramiz. Ishimiz juda mas’uliyatli va jonkuyarlikni talab etadi. Qiyinchiliklarga qaramay, shu sohada ish olib borayotganimdan xursandman. Bugun ham “Pistamozor” MFY o‘ramidagi 15 ga yaqin xonadonning gaz hisoblagichlar bilan bog‘liq muammolarini o‘rgandim. Kun davomida 20 ga yaqin xonadonlarda bo‘lamiz, ularni gaz bilan bog‘liq muammolarini bartaraf etishga hissam qo‘shilsa, charchoqlarim unutiladi...”
Endilikda belgilangan mahalla fuqarolar yig‘ini binosidan gazchilar uchun ham alohida xonalar ajratgan. Shu yerning o‘zida iste’molchi gaz bilan bog‘liq murojaatini bildirish va unga yechim topish imkoniga ega bo‘ladi. Viloyat bo‘yicha 147 ta mahalla gazchilari va 27 ta hudud ustalari faoliyat olib bormoqda. Andijon shahrida esa 129 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, mahalla gazchilari soni 33 tani tashkil etadi.
Bugungi kunda “Hududgazta’minot” AJ tomonidan “Hudud mobile” dasturi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, har bir mahalla gazchisiga topshiriqlar keladi. Topshiriqqa ko‘ra, mahalla gazchisi aniq vazifa asosida o‘z ishini tashkil etadi va bu bo‘yicha belgilangan manzillarga borib, muammolarni bartara etish choralarini ko‘radi. Aloqaga chiqmayotgan elektron gaz hisoblash uskunasi, ularning sim kartasi yoki quvvatlagichlaridagi muammolar iste’molchi kesimida ma’lumot sifatida beriladi. Mahalla gazchisi esa ana shu muammolarni bartaraf etib, uning yechilganligi haqida dasturga ma’lumotlarni kiritadi. Bu ham mahalla gazchisining ishlarini ma’lum bir ma’noda yengillatish, aniq vazifa asosida ishlash uchun ko‘mak bo‘lmoqda.
Ayni kunlarda esa mahalla gazchilari aholi xonadonlarida tabiiy gaz bilan bog‘liq yong‘inlar oldini olish, is gazidan ogoh bo‘lishga oid keng tartibda targ‘ibotlarni ham olib borishmoqda.
“Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati