Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Bugun xalqimizning maishiy hayotida tabiiy gaz bilan birgalikda suyultirilgan gazning o‘rni mustahkamlanib bormoqda. “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filialining shahar-tuman bo‘limlari tomonidan aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berishda barcha zaruriy harakatlar amalga oshirilmoqda. Harakatlarning natijasi o‘laroq esa, joriy yil ning o‘tgan 11 oy davomida iste’molchilarga 73 ming tonnadan ziyod gaz yetkazib berildi. Bu esa 3 million 650 mingdan ortiq maishiy gaz ballonlari alishtirilib berildi, deganidir. Suyultirilgan gaz yetkazib berish barobarida, iste’molchilar orasida maishiy gaz ballonlari va suyultirilgan gazdan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha ham tushunchalar berilmoqda.
Asaka tumanining “Bo‘zariq” mahalla fuqarolar yig‘inida 752 nafar suyultirilgan gaz iste’molchilari istiqomat qiladi. “Asakatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan ushbu MFYda ham “mahallabay” tizimida ish tashkil etilgan bo‘lib, har oyning belgilangan sanasida suyultirilgan gaz yetkazib beriladi. Shu kunga qadar, 111 tonnaga yaqin suyultirilgan gaz yetkazib berildi va ta’minot 105 foizga bajarildi. Mahalla ahlining 879 dona maishiy gaz ballonlari bo‘lib, shundan 700 donasi ta’minotchi korxona tomonidan tarqatilgan.
“Suyultirilgan gaz yetkazib berishdan bo‘sh vaqtlarda uyma-uy yurib iste’molchilarga gaz xo‘jaligidan to‘g‘ri foydalanish qoidalarini tushuntirib berayapmiz. Har bir iste’molchi bilan uy sharoitidan kelib chiqib suhbatlashilmoqda. Oshxona, gaz plitasi va maishiy gaz ballonlar oraliq masofasi, reduktor va boshqa ehtiyot qismlaridan to‘g‘ri foydalanish kabilar uqtirilmoqda” – deydi “Asakatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limining aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘limi mutaxassisi Jaloldin Mirzaxolov.
Bugun tumanda 50 112 ta suyultirilgan iste’molchilari istiqomat qilishmoqda. Yil boshidan beri iste’molchilarga 8 ming tonnadan ziyod suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Asakalik iste’molchilar suyultirilgan gaz bilan ta’minlanish bilan birga, undan to‘g‘ri va oqilona foydalanish bo‘yicha tavsiyalar olmoqdalar.
“Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati