Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
2023-yilda viloyat boʻyicha suyultirilgan gaz isteʼmolchilari soni 476 ming 353 nafar boʻlib, 2024-yil soʻngida esa isteʼmolchilar soni 490 ming 607 tani tashkil etdi va 14 254 nafar yangi isteʼmolchilar safga qoʻshildilar.
“Oʻtgan 2024-yilda suyultirilgan gaz taʼminoti isteʼmolchilarga toʻla onlayn tizim asosida yetkazib berildi, — deydi “Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali direktorining suyultirilgan gaz masalalari boʻyicha oʻrinbosari Nodirbek Saydaliev. – Isteʼmolchilarga oldingi yilga nisbatan yanada ko‘proq gaz yetkazib berildi. Joriy yilda ham oʻz oldimizga isteʼmolchilarni oʻz vaqtida suyultirilgan gaz bilan taʼminlash, ularga sifatli xizmat koʻrsatishni maqsad qilganmiz”.
Bugun viloyatning qaysi chekkasiga bormang albatta odamlarni maishiy gaz ballonlarida ovqat pishirib, choy qaynatayotganlarini koʻrasiz. Misol uchun, Asaka tumanining “Bo‘zariq” mahalla fuqarolar yigʻini ham viloyatning chekka hududlarida joylashgan mahallalardan. 752 nafar isteʼmolchiga ega mahalla ahlida 879 ta maishiy gaz ballonlari mavjud boʻlib, ballon bilan taʼminlanganlik darajasi 116 foizga yetkazilgan. Aholi suyultirilgan gazni ID kartalar orqali olayotganiga mana bir yildan ham oshdi. Onlayn tizim orqali gaz yetkazib berish boshlangan vaqtlarda isteʼmolchilarda tushunarsiz va noroziliklar holatlari uchragan boʻlsa, hozirda ushbu tizimdan barcha mamnun. Maxsus karta orqali gaz uchun toʻlovni yechib olinishi, gaz uchun ortiqcha toʻlov olmaslik, har bir maishiy gaz ballonni kuzatish imkoni mavjudligi aholi uchun qulaylik tugʻdirmoqda. O‘tgan yilda “Bo‘zariq”liklarga 111 tonna gaz yetkazib berilgan boʻlib, belgilangan reja amalda 105 foizga bajarilmoqda.
Oʻtgan yilda “Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filialining suyultirilgan gaz yetkazib berish yoʻnalishi ishchilari isteʼmolchilarning 4 million 200 mingdan ortiq maishiy gaz ballonlarini suyultirilgan gaz bilan toʻlatib berishgan. Joriy yilda esa bu raqamni yanada oshirish, isteʼmolchilar xonadonlariga peshma-pesh gaz yetkazib berishni maqsad qilganlar.
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati