Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Bugungi kunda surxondaryolik gaz iste’molchilarining 452 mingdan ortig‘ini suyultirilgan gaz iste’molchilari hisoblanadi. “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali tomonidan barcha iste’molchilarga bir maromda suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 2024 yilda aholiga 74 ming tonnadan ortiq suyultirilgan gaz yetkazib berildi.
Ma’lumki, sovuq ob-havo vaqtida suyultirilgan uglevodorodli gazning bir qismi og‘ir qoldiqqa aylanadi va yonuvchanligini yo‘qotadi. Shu bois undan foydalanish mumkin emas. Bugungi kunda “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filialining “Muzrabot”, “Jarqo‘rg‘on” hamda “Boysun” gaz to‘ldirish shoxobchalarida og‘ir qoldiq to‘kish ishlari doimiy ravishda olib borilmoqda.
Yoz kunlarida kuniga o‘rta hisobda 30–40 dona gaz ballonidan og‘ir qoldiqlarni to‘ksak, kuz-qish mavsumida bu son 70–80 donani, ba’zida 95 donani ham tashkil etadi,— deydi “Jarqo‘rg‘on” gaz to‘ldirish shoxobchasining og‘ir qoldiq to‘kuvchi chilangari Qurbonov Abdurashid. – Og‘ir qoldiqni to‘kishda har bir to‘kilayotgan maishiy gaz balloni avval tarozidan o‘tkaziladi, og‘ir qoldiqdan bo‘shatilgach, yana tortilib, so‘ngra maxsus kitobga qayd etib boriladi.
O‘tgan yil davomida “Uzun” gaz to‘ldirish shoxobchasida 70 ming 235 dona maishiy gaz ballonlaridan 15,575 tonna og‘ir qoldiq to‘kib olingan bo‘lib, shundan 14,260 tonnasi Komliktatsiya UK topshirilgan. “Jarqo‘rg‘on” gaz to‘ldirish shoxobchasida 2024 yil davomida 76 ming 638 dona ballondan 18,121 tonna og‘ir qoldiq to‘kilganini ko‘rsatmoqda. “Muzrabot” GTSHda esa o‘tgan 12 oy davomida 327 mingga yaqin maishiy gaz ballonga suyultirilgan gaz to‘ldirildi. Shundan 85 ming 306 donasida og‘ir qoldiqlar borligi aniqlangan. To‘kilgan qoldiq miqdori 15.317 tonnani tashkil etib, shundan 15.090 tonnasini utilizatsiya qilishga erishildi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali “Denov-Xayrabod” va “Qumqo‘rg‘on-Oqjar” gaz to‘ldirish stansiyalari xizmatidan foydalanadi va u yerda ham har bir maishiy gaz ballondan og‘ir qoldiq to‘kilishi nazoratga olingan. O‘tgan 2024 yil davomida viloyat bo‘yicha 922 ming 405 tadan ortiq maishiy gaz ballonlardan og‘ir qoldiq to‘kib olingan.
— To‘kib olingan og‘ir qoldiqlar birja orqali savdoga qo‘yilib, samarali foydalanilmoqda, — deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filialining suyultirilgan gaz bo‘yicha o‘rinbosari Feruzbek Atamurodov. — Natija esa gaz to‘ldirish shoxobchalarini yanada mukammallashtirish, ishchi-xodimlarga sharoit yaratishga yo‘naltirilgan.
Maishiy gaz ballondan foydalanishda uning yaroqlilik davri mavjud bo‘lib, maishiy gaz ballonlari birinchi marta 5 yilga, keyin esa uch yilga sinovdan o‘tkaziladi. Hozirda har bir GTSH qoshida maxsus sinov syexlari mavjud bo‘lib, o‘tgan yilda 62 505 dona maishiy gaz ballonlari sinovdan o‘tkazilgan.
Mutaxassislarning aytishicha, sinovdan o‘tkazishdan oldin maishiy gaz balloni og‘ir qoldiqdan bo‘shatilib, maxsus uskunaga o‘rnatiladi. So‘ngra ballon suv bilan to‘ldiriladi. Maishiy gaz ballon 25 kilogramm bosim ostida 12–15 daqiqa sinaladi. Bosim ostida sinash vaqtida maishiy gaz ballon holati ko‘zdan kechiriladi. Agar ballonda suv sizib chiqishi, ishish holati sezilsa, ushbu ballon yaroqsiz hisoblanadi va utilizatsiya qilinadi. Sinovdan o‘tgan ballonlarga tepa qismidagi maxsus yorliqqa sinov muddati muhrlanadi. Barcha ish yakuniga yetgach, ularni bo‘yoqlab, so‘ng foydalanish uchun topshiriladi.
Shu o‘rinda iste’molchilarga alohida ta’kidlashni istardikki, suyultirilgan gaz ballonida hosil bo‘luvchi og‘ir qoldiqni o‘zboshimchalik bilan to‘kish mumkin emas, uni to‘kib oluvchi maxsus joylar va uskunalar bor. Og‘ir qoldiqni to‘kmang va hayotingizni xavf ostiga qo‘ymang.
"Hududgaz Surxondaryo" gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati