Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Qishning izg‘irinli kunlarida ham gaz sohasi xodimlari aholiga bir maromda suyultirilgan gaz yetkazib berishda davom etishmoqda. Zero, bu kunlarda aholining maishiy ehtiyojlarini qondirishda va tabiiy gaz yetib bormagan hududlarda iste’molchilar uchun suyultirilgan gazning o‘rni beqiyos.
Buloqboshi tumanidagi “Qaqir” mahalla fuqarolar yig‘inining “Toshkoni” ko‘chasi Andijon viloyatning eng chekka hududlaridan bir hisoblanadi. Imom tog‘lari yon bag‘rida joylashgan ushbu mahallaga “Buloqboshitumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan suyultirilgan gaz o‘z vaqtida olib kelinmoqda. Qor yoki yomg‘irda yurish yanada qiyin kechadigan ushbu ko‘chaga 40-45 kunda albatta gaz yetkazib beriladi. Bundan mahalla ahli ham xursand.
“...“Qaqir”liklar ham suyultirilgan gazni onlayn tizim asosida olmoqdalar, - deydi “Buloqboshitumangaz” gaz ta’minoti bo‘limining aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘limi yetakchi muhandisi Muzaffar Aripov. – Ularning har biri ID kartalar bilan ta’minlangan. Maishiy gaz ballonlar esa maxsus bar kodlik yorliqlar bilan ta’minlangan. Bugun mazkur mahallada yashovchi barcha 1 175 nafar iste’molchimiz ob-havoning har qanday sharoitida ham suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmoqdalar..”
Onlayn tizimning qulayligi nafaqat aholiga, balki soha xodimlariga ham ma’qul kelmoqda. Chunki tizim ishlashni boshlashi bilan, korrupsion holatlar, sun’iy narxning oshishi kabi masalalarga chek qo‘yildi, ya’ni hech bir iste’molchida bunga shubha qolmadi. Oldinlari aholida gaz narxi haqida har xil fikrlar yurgan bo‘lsa, hozirda hamma birday xursand. Hech kim naqd pul bilan to‘lovni amalga oshirmayapti, olingan gaz uchun to‘lov onlayn tarzda amalga oshirilmoqda. Shuning chilangar va haydovchilar ham maxsus mobil dasturlar orqali gaz yetkazib bermoqdalar. Bu esa ularning vaqtdan unumli foydalanib, targ‘ibot uchun ham vaqt ajratishlariga imkon yaratmoqda.
“Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti bo‘limi matbuot xizmati