Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Aytish kerakki, bugungi kunda gaz ta’minoti sohasida “mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani maqsadga muvofiq bo‘ldi. Bu aholini, xususan, har bir mahalladagi iste’molchilarning tabiiy va suyultirilgan gaz bilan bog‘liq muammolarini tezkor va joyida hal etish imkonini bermoqda.
Doniyor Ibragimov ham “Baliqchitumangaz” gaz ta’minoti bo‘limida mahalla gazchisi lavozimida mehnat qilib kelmoqda. Xodimga tumandagi “To‘da”, “Farovon” va “Omonariq” mahallalari biriktirilgan bo‘lib, ushbu mahallalarda joylashgan hovli va ko‘pqavatli uylardagi iste’molchilar soni jami 1 ming 805 tani tashkil etadi. “Mahallabay” ishlash tizimining afzalligi shundaki, iste’molchi endi sarson bo‘lmaydi, gaz bilan bog‘liq muammosi bo‘lsa, mahallasiga borib, hududga biriktirilgan gazchi ko‘magidan foydalanadi. Shu bilan birga, vaqt yo‘qotishlarning oldi olinadi.
Mahalla gazchisining har kunlik faoliyati bugungi kunda onlayn tizim orqali kelgan topshiriqlarni bajarish bilan o‘tmoqda. Bunda muammoli xonadonlarning aniq manzilli ro‘yxati asosida xonadonlarga borib, ularning elektron gaz hisoblash uskunasida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etadi. Aholi xonadonlarida o‘rnatilgan elektron gaz hisoblash uskunasi sozligini tekshirish tadbirlari ham mahalla gazchisining kun davomidagi vazifalaridan biriga kiradi.
“...Kunda maxsus mobil ilova orqali topshiriqlar olamiz, - deydi Doniyor Ibragimov. – Menga biriktirilgan mahallalar o‘ramida 1 800 dan ortiq iste’molchi mavjud bo‘lib, har bir mahalla raisi yoki yettiligi bilan hamkorlikda ishlab kelmoqdamiz. Mana hozir “Farovon” MFY “Saodat” ko‘chasi 121-uyda yashovchi To‘lqinjon Akromov xonadoniga o‘rnatilgan hisoblagichdagi muamo bo‘yicha topshiriqni yechgani keldim. Buni yakunlagach, navbatdagi topshiriq bo‘yicha belgilangan manzilga ketaman...”
Mahalla gazchi bo‘lgan D.Ibragimov muammolarni bartaraf etish asnosida iste’molchilar bilan suhbatlashib, tabiiy gazdan to‘g‘ri foydalanish, xavfsizlik qoidalariga rioya etish, zamonaviy energiya tejamkor gaz yondirgichlaridan foydalanish va boshqa zarur qoidalar bo‘yicha ogohlantirish berib kelmoqda. Shuningdek, tabiiy gaz bilan bog‘liq yong‘inlar oldini olish, is gazidan ogoh bo‘lishga oid keng tartibdagi targ‘ibotlarni ham olib bormoqda.
“Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati