Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Aytish kerakki, bugungi kunda gaz taʼminoti sohasida “mahallabay” ishlash tizimi yoʻlga qoʻyilgani maqsadga muvofiq boʻldi. “Mahallabay” ishlash tizimining afzalligi shundaki, isteʼmolchi endi sarson boʻlmaydi, gaz bilan bogʻliq muammosi boʻlsa, mahallasiga borib, hududga biriktirilgan gazchi koʻmagidan foydalanadi. Shu bilan birga, vaqt yoʻqotishlarning oldi olinadi. Bu aholini, xususan, har bir mahalladagi isteʼmolchilarning gaz bilan bogʻliq muammolarini tezkor va joyida hal etish imkonini bermoqda.
Hamidullo Nabiyev ham “Asakatumangaz” gaz taʼminoti boʻlimida mahalla gazchisi lavozimida mehnat qilib kelmoqda. Xodimga tumandagi “Otish”, “Obod” va “Qovoqtoʻpi” mahallalari biriktirilgan boʻlib, ushbu mahallalarda joylashgan hovli uylardagi isteʼmolchilar soni jami 2 mingdan ortiqni tashkil etadi.
Mahalla gazchisining har kunlik faoliyati bugungi kunda onlayn tizim orqali kelgan topshiriqlarni bajarish bilan oʻtmoqda. Bunda muammoli xonadonlarning aniq manzilli roʻyxati asosida xonadonlarga borib, ularning elektron gaz hisoblash uskunasida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etadi. Aholi xonadonlarida oʻrnatilgan elektron gaz hisoblash uskunasi sozligini tekshirish tadbirlari ham mahalla gazchisining kun davomidagi vazifalaridan biriga kiradi.
“Kunda maxsus mobil ilova orqali topshiriqlar olamiz, — deydi Hamidullo Nabiyev. – Menga biriktirilgan mahallalar oʻramida 2 mingdan ortiq isteʼmolchi mavjud boʻlib, har bir mahalla raisi yoki yettiligi bilan hamkorlikda ishlab kelmoqdamiz. Mana hozir “Otish” MFY “Qoʻrgʻon oldi” koʻchasi 105-uyda yashovchi isteʼmolchi xonadoniga oʻrnatilgan hisoblagichdagi muammo boʻyicha topshiriqni yechgani keldim. Buni yakunlagach, navbatdagi topshiriq boʻyicha belgilangan manzilga ketaman”.
Mahalla gazchi boʻlgan H.Nabiyev muammolarni bartaraf etish asnosida isteʼmolchilar bilan suhbatlashib, tabiiy gazdan toʻgʻri foydalanish, xavfsizlik qoidalariga rioya etish, zamonaviy energiya tejamkor gaz yondirgichlaridan foydalanish va boshqa zarur qoidalar boʻyicha ogohlantirish berib kelmoqda. Shuningdek, hududidagi tabiiy gazdan qarzdor xonadonlarni qarzini soʻndirish boʻyicha sud-huquq organlariga hujjatlar tayyorlab, mavjud qarzdorliklarni bartaraf etishda targʻibot va amaliy harakatlar olib bormoqda.
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati