Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filialida “Hududgazta’minot” AJ, “O‘zenergoinspeksiya” Andijon viloyati hududiy boshqarmasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Andijon viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda avtomobillarga kompressor gaz to‘ldirish, suyultirilgan gaz, benzin va dizel yoqilg‘isi tarqatish shoxobchalarida sig‘imlarga gaz va yoqilg‘i quyilish jarayonida baxtsiz hodisalarni oldini olish, yong‘in va sanoat xavfsizligi qoidalariga rioya etish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Andijon viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi barcha shoxobchalar mas’ullari ishtirok etdilar.
Joriy yilning 19-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 473-F-farmoyishi qabul qilindi. Unga ko‘ra, mavjud yoqilg‘i quyish, saqlash va tarqatish inshootlari hamda chakana savdo shoxobchalarida yuz berishi mumkin bo‘lgan avariyaviy holatlarning oldini olish, fuqarolar xavfsizligi va mehnat muhofazasi hamda ushbu obyektlarni joylashtirishda shaharsozlik normalariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash va ushbu sohadagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Farmoyishga ko‘ra, kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun muvofiqlashtiruvchi Respublika ishchi guruhi hamda Hududiy ishchi guruhlarning namunaviy tarkibi tasdiqlangan.
O‘rganishlarda ishchi guruhlarga respublika hududlaridagi mavjud yoqilg‘i quyish, saqlash va tarqatish inshootlari hamda chakana savdo shoxobchalarini joylarda xatlovdan o‘tkazish vazifasi yuklatildi. Ushbu vazifaga ko‘ra obyektlar muhofaza hududidagi mavjud bino va inshootlarning tasdiqlangan bosh rejasi hamda shaharsozlik normalariga rioya etilgan holda joylashganini o‘rganish, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda litsenziya talablariga rioya etilishi hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yo‘l harakati xavfsizligi talablariga mosligi bo‘yicha chora-tadbirlari belgilab berildi.
Yig‘ilish davomida Ishchi guruhning mas’ullarga yuqoridagi mavzudan kelib chiqqan holda o‘rganishlar amalga oshirilishi, o‘rganish yakunlari bo‘yicha aniqlangan noqonuniy holatlarni bartaraf qilish yuzasidan aniq takliflar tayyorlash hamda Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhga taqdim etilishi ko‘zda tutilganligi bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
“Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati