Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Bugungi kunda “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasi doirasida aholi xonadonlariga o‘rnatilgan zamonaviy elektron gaz hisoblash uskunalari orqali yetkazib berilayotgan tabiiy gaz avtomatik tarzda hisoblanmoqda. Afsuski, iste’molchilar orasida o‘z majburiyatlarini bajarmay, tabiiy gaz uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmasdan unga sovuqqonlik bilan qarayotganlar ham topiladi. Natijada, fuqarolar orasida qarzdorlik sabab tabiiy gaz berish to‘xtatilgan yoki yuqori qarzdorligi mavjud bo‘lgan iste’molchilar ham mavjud. Ushbu iste’molchilarga qarzdorligidan avval sms-xabarnomalar yuborilgan bo‘lsada, tabiiy gazdan foydalanishda davom etgan va natijada yuqoridagi qarzdorlik kelib chiqqan.
“Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filialining barcha shahar-tuman bo‘limlari tomonidan joylarda qarzdorlikni undirish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, qarzdorlikni undirish va qarzdorlar hujjatlarini sud-huquq organlariga topshirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Ana shunday amaliy harakatlar Andijon tumanida ham davom ettirilmoqda.
“Andijontumangaz” gaz ta’minoti bo‘limining mutaxassislari bo‘lim boshlig‘i Shavkatbek Qodirov boshchiligida tumanining “Chem” hamda “Og‘ullik” MFYlarida tabiiy gazdan debitor qarzdorligi 5 mln. so‘mdan yuqori bo‘lgan aholi xonadonlaridan qarzdorlikni undirish jarayonlarini amalga oshirmoqdalar.
“...Debitor qarzdorlikni kamaytirish bo‘yicha qarzdorlarga nisbatan keskin choraalar ko‘rilmoqda, - deydi “Andijontumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i Shavkatbek Qodirov. – Bugun ham 5 ta xonadonni 2 mln 633 ming so‘mlik qarzdorligi bo‘yicha qayta xatlovdan o‘tkazdik va o‘rgandik. Iste’molchilar bilan suhbatlashildi. Hozirda 4 ta xonadondan 8 mln 270 ming so‘mlik qarzdorlik undirildi va 4 nafar fuqaroning tabiiy gaz tarmog‘i qarzdorligi uchun payvandlash yo‘li bilan tarmoqdan ajratildi...”
Bugungi kunda Andijon tumanida 20 ming 744 nafar fuqaro tabiiy gaz iste’molchilari hisoblanadilar. Ularning 80 nafarini tabiiy gazdan 5 mln so‘mdan yuqori qarzdorligi mavjud bo‘lib, ularning jami 496 milliondan ortiq debitor qarzdorligi shakllangan. Shu kunga qadar tuman gaz ta’minoti korxonasi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 72 nafarining qarzdorligi bo‘yicha da’vo arizalari kiritildi. Natijada 51 ta qarzdordan 91 mln so‘mdan ortiq mablag‘larni undirishga erishildi. Shuningdek, 72 nafar fuqaroning tabiiy gaz tarmog‘i qarzdorligi uchun payvandlash yo‘li bilan tarmoqdan ajratildi.
Debitor qarzdorlikni undiruv bo‘yicha harakatlar joylarda davom etmoqda.
“Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati