Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Bugungi kunda suyultirilgan gaz ballonlari ko‘plab xonadonlar, ishlab chiqarish korxonalari va turli xizmat ko‘rsatish sohalarida keng qo‘llaniladi. Ular energiya manbai sifatida qulay va samarali bo‘lsa-da, uzoq muddat foydalanilganda ayrim texnik va xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar yuzaga keladi. Shulardan biri — ballon tubida to‘planadigan “og‘ir qoldiq”dir.
Mutaxassislarning tushuntirishicha, “og‘ir qoldiq” — bu suyultirilgan uglevodorodli gaz tarkibida uchraydigan og‘ir komponentlar, vaqt o‘tishi bilan ballon tubida cho‘kma holida yig‘ilib qoladi. Ushbu qoldiq moddalar ikki asosiy xavf tug‘diradi:
Birinchidan, foydali gaz hajmini kamaytiradi, natijada iste’molchi bir xil to‘lov evaziga kamroq gaz oladi. Bu esa iqtisodiy jihatdan zararli bo‘lishi mumkin.
Ikkinchidan, xavfsizlik nuqtai nazaridan jiddiy tahdid tug‘diradi. “Og‘ir qoldiq” yonmaydi, lekin ballon ichida bosim ta’sirida qolgan gaz bilan birgalikda yuqori harorat yoki mexanik zarba ta’sirida portlash xavfini oshiradi.
Shuningdek, bunday qoldiqlar gazning to‘liq yonmasligiga olib keladi, bu esa gaz jihozlarining ishlash samaradorligini pasaytiradi va ularning muddatidan oldin ishdan chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislar ushbu muammolarning oldini olish uchun iste’molchilarga quyidagi tavsiyalarni beradi:
• Gaz ballonlarini belgilangan muddatlarda texnik ko‘rikdan o‘tkazish;
• Ballonning yaroqlilik muddatini diqqat bilan kuzatish va muddati o‘tgan ballonlardan foydalanmaslik;
• Gaz ballonlarini faqat ruxsat etilgan va sertifikatlangan to‘ldirish shoxobchalarida to‘ldirish;
• Gaz jihozlari va ballonlardan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish.
“Hududgaz Sirdaryo” gaz ta’minoti filiali mutaxassislari aholiga muntazam ravishda tushuntirish ishlari olib borib, gaz ballonlaridan xavfsiz foydalanish bo‘yicha ma’lumotlar berib kelmoqda. Mutaxassislar ta’kidlaydiki, har bir iste’molchi gaz ballonlarini ishlatishda mas’uliyatli bo‘lishi zarur, chunki bu — nafaqat jihozlarning ishlash muddati, balki inson hayoti va sog‘lig‘i bilan bevosita bog‘liqdir.