Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Bizning asosiy vazifamiz — iste’molchilarni sifatli va xavfsiz gaz bilan ta’minlashdir. Shu bois, har bir xodimdan mas’uliyat, aniqlik va intizom talab qilinadi”, — dedi “Hududgaz Farg‘ona” GTF direktori Shavkatjon Abdumajidov.
Kuz-qish mavsumini betalaffat o‘tkazish maqsadida “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filiali tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunga qadar viloyat bo‘yicha 21 kilometr gaz quvurlari rekonstruksiya qilindi, 1867,4 kilometr yerosti gaz tarmoqlarining texnik holati tekshirildi hamda 478,4 kilometrga yaqin quvurlar bo‘yab chiqildi.
Bundan tashqari, 45 dona gaz maromlash qurilmalari mukammal ta’mirdan chiqarildi va 6667 ta obyekt texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.
Suyultirilgan gaz ta’minoti yo‘nalishida ham sezilarli ishlar amalga oshirildi. Kuz-qish mavsumida suyultirilgan gazni uzluksiz yetkazib berish maqsadida viloyatga 8 dona yangi ISUZU rusumli maxsus avtomashina olib kelindi. Shuningdek, chilangir-ta’minotchilar uchun 120 dona planshet topshirildi. Viloyatdagi mavjud 8 ta gaz to‘ldirish shoxobchalari to‘liq xatlovdan o‘tkazildi.
Mazkur ishlar aholiga tabiiy va suyultirilgan gazni barqaror hamda xavfsiz yetkazib berish imkonini beradi. Bundan tashqari, texnik xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Gaz sizib chiqishining oldini olish, avariya xizmatlarining tezkor harakatlanishini ta’minlash va gaz hisoblagichlarni sinovdan o‘tkazish ishlari muntazam davom ettirilmoqda.
Kuz-qish mavsumida muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish maqsadida tun-u kun navbatchiliklar tashkil etilgan. Bu esa har qanday nosozlik yoki uzilish holatlariga tezkor javob berish imkonini bermoqda.