Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Maʼlumki, bugungi kunda kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni tezkor bartaraf etish choralarini ko‘rish dolzarb masala hisoblanadi. Shunga ko‘ra, joriy yilning 12-14 noyabr kunlari Navoiy shahar va Karmana tumanida “Boshqaruv organlari, FVDT hududiy va funksional quyi tizimlarining favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha harakatlari” mavzusida hamkorlikda qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqi o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Bugun mazkur qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqi start oldi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, zararini kamaytirish va potensial xavfli obyektlar barqarorligini oshirib, hayot taʼminoti kommunikatsiyalari faoliyatini tiklash maqsadida qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni amalga oshirishdan iborat.
Qutqaruv ishlarini boshqarish uchun Navoiy shahar “Yoshlik” o‘yingohi avtoturargohi hududidagi chodirli shaharcha viloyat hokimi – Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining Harakatdagi boshqaruv punkti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Boshqaruv punktlarida FVDT hududiy quyi tizimlarining shtablari tashkil etildi. FVDTga kiruvchi korxona va tashkilotlarning boshqaruv organlari hamda hududiy komissiyalar tomonidan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, zararini kamaytirish va oqibatlarini tugatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni tashkil etish, maʼlumotlarni yig‘ish, umumlashtirish, qayta ishlash, tahlil qilish tadbirlari amalga oshiriladi.
“Yoshlik” o‘yingohida tegishli tashkilot, korxonalar qatorida “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali, “Navoiyshahargaz” gaz taʼminoti bo‘limi va “Karmanatumangaz” gaz taʼminoti bo‘limi xodimlari saf ko‘rigiga tizildi. Jarayonda masʼul rahbarlar gaz taʼminotining kuz-qish mavsumiga hozirligi, avariya zaxiralarining mavjudligi, zarur texnik vositalari bilan to‘liq taʼminlanganligini ko‘zdan kechirishdi.
- Kuz-qish mavsumi, gazchi xodimlar uchun ham juda masʼliyatli pallaga kiradi,- deydi “Karmanatumangaz” gaz taʼminoti bo‘limi xodimi Murod Ahmedov. – Bugungi qo‘mondonlik- shtab o‘quv mashqi kuz-qish betalofat o‘tkazishda tayyorgarligimizni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi. Tumangaz gaz taʼminoti bo‘limi ham uch kun davomida shartli ravishda hududda favqulodda holat yuz berganda gaz bilan bog‘liq talofatlarni oldini olish, kamaytirish bo‘yicha qanday chora ko‘rishini ko‘rsatib beradi. Masalan, tabiiy gaz favqulodda uzildi, tezkorlik bilan aholiga maishiy gaz ballon yetkazib berib vaziyatdan chiqish yoki boshqa holatlar bo‘yicha ham tezkor va to‘g‘ri ish tashkil qilishimiz kerak. Bu o‘quv-mashqi har bir tashkilot xodimlari uchun tajriba va ko‘nikmani mustahkamlash maydoni bo‘ladi.
O‘quv-mashq davomida boshqaruv shtabining topshirig‘iga asosan FVDT Navoiy shahar va karmana tumani hududiy quyi tizimiga kiruvchi xizmatlar, korxona, tashkilotlar hamda hududiy komissiyalarning faoliyati, o‘quv mashqi doirasida jalb etiladigan boshqaruv organlari va kuchlarning yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha harakatlari tahlil qilinadi.
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish va zararini kamaytirish bo‘yicha FVDqT har bir hududiy va funksional quyi tizimida amalga oshirilgan ishlarning hisobot va takliflari baholanadi. Uch kun davomida har bir xizmatning yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha tadbirlari, qarorlari amaldagi tartibga muvofiq tahlil qilinadi va baholab boriladi.
Aytish kerakki, mazkur o‘quv mashqi mavsumni ko‘ngildagidek o‘tkazish, aholiga qulaylik yaratish va tegishli soha xodimlari bilim, tayyorgarligini yana bir sinovdan o‘tkazishni ko‘zda tutgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati