Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
«Bugun insoniyat yangi sivilizatsiya bosqichiga – sun’iy intellekt davriga dadil qadam qo‘ymoqda. Qaysi soha bo‘lmasin, kim bu jarayonda qattiq izlanib, aniq natija qilsa, bir qadam oldinda yursa, marra shuniki bo‘ladi». Shavkat Mirziyoyev Ma’lumki, joriy yilning 2-6 noyabr kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Abu Dabi shahrida “ENACT Majlis” va “ADIPEC-2025” sun’iy intellect va energetika sohasiga oid xalqaro forumlar bo’lib o’tdi. Unda jahonning yoqilg’i-energetika, sun’iy intellekt va energetika sohasidagi ko’plab vazirliklari, yetakchi kompaniyalari qatori “Hududgazta’minot” AJ tashabbusi bilan “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filialining “Chusttumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi Mahallabay ishlash xizmati boshlig’i Doniyor Ismoilov ham ishtirok etdi.
Doniyor Ismoilov tadbir doirasida YeMYeA mintaqasi uchun Energetika va resurslar rahbari- Pablo Peris, Raqamli loyihalar va innovatsiyalar bo’yicha katta vitse-prezidenti, ADNOS - Xaled Ao Blushi,"ATMOS" International kompaniyasi hamda “AL Fanar Gaz Group” korxonasi mutaxassislari bilan uchrashdi.
Tadbir davomida sun’iy intellektni tabiiy gaz sohasida qo‘llanishi, imkoniyatlari, sifat darajasi hamda mazkur innovatsion texnologiyalar orqali an’anaviy ish tarzida yaratilayotgan qulayliklar va bu qay darajada o‘zini oqlayotgani borasida fikr almashildi.
Mazkur ko‘rgazmada energetika va gaz sohasida sun’iy intellekt (AI) texnologiyalarining qo‘llanilishi, tarmoqlardagi samaradorlikni oshirish, yo‘qotishlarni kamaytirish va intellektual monitoring tizimlarini joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ko‘rgazmada qatnashishdan asosiy maqsad - gaz tarmoqlarini boshqarishda sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘rganish, xalqaro tajriba va ilg‘or yechimlarni O’zbekiston amaliyotiga joriy etish imkoniyatlarini o‘rganishdan iborat bo‘ldi. Bundan tashqari, gaz sizib chiqish holatlarini aniqlash, sun’iy intellekt yordamida gaz quvurlariga noqonuniy ulanish holatlarini maxsus datchik va algoritmlar bo’yicha aniqlash ish jarayoni ham ko’rib chiqildi.
Tadbir davomida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha muhim ma’lumot va tajribalar olindi: – gaz tarmoqlarini intellektual monitoring qilish; – AI asosida yo‘qotishlarni tahlil qilish va prognozlash; – sensorlar orqali aniq hisobot va nazorat tizimlari; – avtomatlashtirilgan hisob-kitob texnologiyalari; – energiya tejash va samaradorlikni oshirish yechimlari.
Doniyor Ismoilov o’rganib kelgan bilim va tajribalari o’laroq, Namangan viloyatida ham gaz ta’minoti tarmoqlarida sun’iy intellektni joriy etish, raqamlashtirish va samaradorlikni oshirish bo‘yicha izchil ishlarni amalga oshirishni o’ziga maqsad qilgan.
"Hududgaz Namangan" gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati