Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Davlatobod tumanining olis hududida joylashgan GTSda gaz bosimini o‘z vaqtida va aniq nazorat qilish maqsadida yangi, samarali yechim amaliyotga joriy etildi. Mazkur yangilik doirasida barcha manometrlar bitta joyga jamlandi hamda ularning ko‘rsatkichlarini doimiy kuzatish uchun onlayn kamera o‘rnatildi.
Yangi tizim ayniqsa qish mavsumida, gaz bosimi beqaror bo‘ladigan paytlarda katta ahamiyat kasb etmoqda. Endilikda gaz bosimi 24/7 onlayn(online) rejimda nazorat qilinib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklar tezkor aniqlanadi. Bu esa xavfsizlik darajasini oshirish bilan birga, uzluksiz gaz ta’minotini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, ushbu yechim dispetcherlik xizmatining ish samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Avvallari xodimlar har ikki soatda obyektga borib, manometr ko‘rsatkichlarini qo‘lda qayd etishlariga to‘g‘ri kelar edi. Endilikda esa barcha ma’lumotlar masofadan turib kuzatiladi. Bu esa ortiqcha qatnovlarni bartaraf etadi.
Natijada transport xarajatlari kamayadi, eng muhimi esa xodimlarning vaqti tejaladi. Tejalgan vaqt esa yanada muhim va ustuvor vazifalarni bajarishga yo‘naltiriladi.
Xulosa qilib aytganda, oddiy, ammo samarali ushbu yangilik ish jarayonini yengillashtiribgina qolmay, xavfsizlikni oshirishga va resurslardan oqilona foydalanishga xizmat qiladi.
"Hududgaz Namangan" gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati