Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-fevraldagi PQ-54-sonli “Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2023-yil 11-sentyabrdagi 299-sonli “Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023—2027-yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq “Hududgazta’minot” AJ tomonidan zamonaviy raqamli boshqaruv tizimlari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Mazkur qarorlar ijrosi doirasida “ArcGIS Enterprise Advanced” dasturiy ta’minoti tashkil etilib, uning asosida “ArcGis–HGT Onlayn boshqaruv” tizimi amaliyotga tatbiq qilindi. Ushbu tizim orqali “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filialiga qarashli barcha shahar va tuman gaz ta’minoti bo‘limlarida faoliyat olib borayotgan chilangar xodimlarning kundalik mehnat faoliyatini nazorat qilish va hisobini yuritish ishlari sinov tariqasida yo‘lga qo‘yildi.
Jarayon doirasida chilangarlar tomonidan “Quick Capture” mobil ilovasi orqali har kuni bajarilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar “ArcGis–HGT Onlayn boshqaruv” tizimiga onlayn tarzda yuborilmoqda. Tizim orqali ushbu ma’lumotlar avtomatik ravishda umumlashtirilib, tahlil qilinadi. Bu esa har bir xodimning mehnat faoliyati, shuningdek, lavozim yo‘riqnomasida belgilangan vazifa va majburiyatlarning to‘liq va sifatli bajarilishini doimiy nazorat qilib borish imkonini beradi.
Ayni paytda filial kadastr bo‘limi tomonidan gaz ta’minoti tizimini raqamlashtirish yo‘nalishida muhim ishlar amalga oshirildi. Xususan, filial tasarrufidagi qariyb 5 207 kilometr gaz tarmoqlari, 556 ta gaz taqsimlash punktlari hamda yirik hududlarda joylashgan elektron gaz hisoblagichlarning joylashuvini aks ettiruvchi elektron topoxarita va ma’lumotlar bazasi — “Geoaxborot” tizimi yaratildi.
Mazkur raqamli yechimlar natijasida gaz quvurlari va gaz qurilmalarini masofadan turib onlayn nazorat qilish, avariya va nosozliklarni tezkor aniqlash hamda bartaraf etish imkoniyati yanada kengayadi, desak, mubolag'a bo'lmaydi.
"Hudugaz Namangan" gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati