Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Viloyatimizda bugungi kunda 106 mingta suyultirilgan gaz isteʼmolchilari mavjud bo‘lsa, shundan 105 ming 926 tasini aholi isteʼmolchilari tashkil etadi. Aholiga ijara asosida berilgan maishiy gaz ballon soni 98 890 tadan iborat. Maishiy gaz ballonlardan foydalanishda ularning yaroqliligi va sinovdan o‘tkazilgani, xavfsizlik talablariga javob berishi muhim ahamiyatga ega.
Maishiy gaz ballondan foydalanishda uning yaroqlilik davri mavjud bo‘lib, maishiy gaz ballonlari har besh yilga sinovdan o‘tkaziladi.
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filialiga qarashli Karmanadagi maishiy gaz ballonldarni taʼmirlash va sinash sexida ham ayni jarayonlar qizg‘in amalga oshirib kelinmoqda. Mazkur sexga Tomdi, Zarafshon, Konimex, Navbahor, Qiziltepa, Nurota tumanlaridan taʼmirtalab va sinovdan o‘tkazish muddati kelgan maishiy gaz ballonlar olib kelinadi.
Mutaxassislarning aytishicha, sinovdan o‘tkazishdan oldin maishiy gaz balloni og‘ir qoldiqdan bo‘shatilib, maxsus uskunaga o‘rnatiladi. So‘ngra ballon suv bilan to‘ldiriladi. Maishiy gaz ballon 25 kilogramm bosim ostida 12–17 daqiqa davomida sinaladi. Bosim ostida sinash vaqtida maishiy gaz ballon holati ko‘zdan kechiriladi. Agar ballonda suv sizib chiqishi, ishish holati sezilsa, ushbu ballon yaroqsiz hisoblanadi va utilizatsiya qilinadi. Sinovdan o‘tgan ballonlarga tepa qismidagi maxsus yorliqqa sinov muddati muhrlanadi. Barcha ish yakuniga yetgandan so‘ng foydalanish uchun topshiriladi.
“Karmanatumangaz” gaz taʼminoti bo‘limi hududida joylashgan mazkur sexda gaz ballonlar sinashdan tashqari, taʼmirlash ishlari ham bajariladi. Yaʼni, maishiy gaz ballonning vinteli yaroqsiz holga kelgan bo‘lishi mumkin, yoki gaz ballondan shishish, yemirilish holatlari kuzatilganda ham taʼmirlash ishlari bajariladi. O‘tgan 2025 yil davomida sexda jami 41 500 ta gaz ballon olib kelinib, shundan 25 ming 744 tasi taʼmirlangan, 15 ming 726 tasi esa sinovdan o‘tkazilgan.
- Har bitta gaz ballonni taʼmirlashga 12-17 daqiqagacha vaqtimiz sarflanadi, - deydi sex ishchilaridan biri Narzulla Nurov. – Bir kunda 8-9 tagacha gaz ballonni taʼmirlaymiz, bir oyda 1000 dan ortiq gaz ballonni ko‘zdan kechiramiz, sinovdan o‘tkazamiz. Ishimiz qiziqarli va masʼuliyatli. Har bir jarayonda xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda ish olib boramiz. Ayniqsa, qish mavsumida ishimiz ko‘lami yana kengayadi. Shu o‘rinda isteʼmolchilar gaz ballondan to‘g‘ri foydalanishi va o‘rnatishda eʼtiborli bo‘lishlarini tavsiya qilardik. Chunki ayrim hollarda isteʼmolchilar beparvoligi sabab ham gaz ballonlar taʼmirtalab holga kelib qoladi. Aytib o‘tish joizki, o‘tgan yil viloyat bo‘yicha jami 37 ming 808 ta gaz ballon taʼmirlangan, 18 ming 211 ta gaz ballon esa sinovdan o‘tkazilgan.
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filial matbuot xizmati