Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Joriy yilda ham muborak Ramazon oyida O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Andijon viloyati vakilligiga qarashli barcha masjidlarida taroveh namozlarini ado etish rejalashtirilgan bo‘lib, minglab yurtdoshlarimiz muborak kechalarda ibodatga oshiqadi. Bu jarayonning osoyishta va xavfsiz o‘tishi muhim vazifalardan biridir. Shu bois hududlarda gaz ta’minoti tizimi xodimlari tomonidan masjidlarda gazdan oqilona va xavfsiz foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mutaxassislar tomonidan masjid mas’ullari va jamoatchilik vakillariga tabiiy gazdan oqilona va xavfsiz foydalanish, is gazidan zaharlanishga qarshi kurashish bo‘yicha tushunchalar berilmoqda. Targ‘ibotlar orqali aholiga gazdan beparvo foydalanishdan oldini olish, gaz jihozlari bilan ishlash qoidalari tarqatilmoqda.
Ana shunday targ‘ibot tadbirlari Andijon shahridagi “Mirpo‘sti ota” va “At-Termiziy” jome’-masjidlarida olib borildi. Aytish kerakki, mazkur masjidlarda Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan o‘qiladigan Taroveh namozlarida ko‘plab yurtdoshlarimiz yig‘ilishadi. Bu esa ularning xavfsizligiga yondashish yana-da muhim va dolzarb masala ekanini ko‘rsatadi. Shunga ko‘ra, targ‘ibotlar davomida masjid xodimlari bilan uchrashilib, binoda gaz ta’minoti tizimi xavfsizligi ko‘zdan kechirildi. Is gazidan zaharlanishga olib keluvchi sabablarga yo‘l qo‘ymaslik tushuntirildi. Tabiiy gaz va gaz jihozlaridan qoidalarga muvofiq foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Bu kabi targ‘ibotlar viloyatdagi boshqa masjidlarda ham doimiy o‘tkazib kelinmoqda.
“Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati