Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaztaʼminot” AJ tizimida faoliyat yuritayotgan suyultirilgan gaz taʼminoti xodimlari hamda gaz toʻldirish shoxobchalari mutaxassislari attestatsiyadan oʻtkazildi. Mazkur jarayon xodimlarning kasbiy bilim va koʻnikmalarini baholash, malakasini oshirish hamda ishlab chiqarish jarayonlarida xavfsizlik talablarini yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Attestatsiya test sinovlari avtomatlashtirilgan “HGT-Malaka” platformasi orqali onlayn shaklda tashkil etildi. Bunda barcha hududiy filiallar xodimlari maxsus tayyorlangan joylarda bir vaqtning oʻzida imtihondan oʻtkazildi. Jarayonlar Jamiyat markaziy apparatining Vaziyatlar markazida komissiya aʼzolari tomonidan real vaqt rejimida kuzatib borildi.
“HGT-Malaka” – gaz taʼminoti tizimi xodimlarining bilim va malakasini baholash, ularni oʻqitish hamda kadrlar bilan ishlash jarayonlarini raqamli formatda tashkil etishga moʻljallangan onlayn platforma hisoblanadi. Platforma orqali xodimlar kasbiy bilimlarini oshirish, sohadagi normativ-huquqiy hujjatlar va xizmat faoliyatiga oid maʼlumotlar bilan tanishib borish, shuningdek, attestatsiya va test sinovlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega. Mazkur tizim yordamida sinovlar markazlashgan tartibda nazorat qilinib, natijalar avtomatik ravishda shakllantiriladi hamda tahlil qilinadi.
Qayd etish kerak, zamonaviy raqamli texnologiyalarga asoslangan ushbu tizim xodimlar malakasini muntazam baholab borish va sohada professional kadrlar salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.