Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
“Hududgaztaʼminot” AJ boshqaruv raisining birinchi oʻrinbosari M. Yakubov boshchiligidagi delegatsiya Avstriyaning Sankt Valentin shahrida joylashgan Fibron Pipe zavodiga tashrif buyurib, zamonaviy kompozit quvurlar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Xizmat safari davomida mutaxassislar granula koʻrinishidagi xom ashyodan boshlab, tayyor yuqori texnologiyali quvurlar ishlab chiqarishgacha boʻlgan barcha bosqichlarni koʻzdan kechirdilar.
Qayd etish joiz, kompozit quvurlar ishlab chiqarish boʻyicha barcha liniya va uskunalar Fibron Pipe kompaniyasining oʻz ishlanmasi hisoblanadi. Quvurlar texnologiyasi xalqaro patentlar bilan himoyalangan boʻlib, kompaniyaning oʻziga xos “nou-xau”si sifatida baholanadi. Ishlab chiqarish jarayoni sunʼiy intellekt orqali nazorat qilinib, inson omilining taʼsirini kamaytiradi va mahsulot sifatini oshiradi. Bu esa gaz sohasida xavfsizlik va ishonchlilikni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.
Zavodda ishchi bosimi 33–90 bar boʻlgan quvurlar ishlab chiqarilib, ular laboratoriya sharoitida 600–700 bargacha bosimda sinovdan oʻtkaziladi. Shuningdek, uzoq muddatli tekshiruvlar orqali quvurlarning xizmat muddati kamida 50-yil ekani tasdiqlangan.
Tashrif doirasida Oʻzbekistonga pilot loyiha uchun yetkazib berilishi rejalashtirilgan kompozit quvurlar partiyasini laboratoriya sinovlaridan oʻtkazish ham koʻzda tutilgan. Mahsulotning mustahkamlik koʻrsatkichlarini tekshirish uni mamlakat gaz taqsimlash tizimiga joriy etishga tayyorligini tasdiqlaydi.
Sinovlar muvaffaqiyatli yakunlangan taqdirda, kelgusida qoʻshma korxona tashkil etish va mahalliy xom ashyo asosida ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari koʻrib chiqiladi.