Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Maʼlumki, bugungi kunda raqamlashtirish jarayonlari barcha sohalarda bo‘lgani kabi gaz taʼminotini ham qamrab olmoqda. Bu esa alohini tabiiy gaz bilan taʼminlash, avariya holatlarini tezkor bartaraf etish va xizmat ko‘rsatish sifati oshishiga xizmat qilyapti.
Aytish joiz, gaz tarmoqlari va undagi qurilmalarga xizmat ko‘rsatish jarayonini raqamlashtirishga qaratilgan yangi tizim amaliyotga tatbiq etilgani maqsadga muvofiq bo‘ldi. Xususan, “Arc GIS Enterprise Advancyed” onlayn boshqaruv dasturi yo‘lga qo‘yilib, tabiiy gaz taʼminoti obyektlarini boshqarish va nazorat qilish jarayonlari to‘liq raqamli shaklga o‘tkazilmoqda.
Mazkur tizim orqali gaz tarmoqlari, ulardagi uskunalar va infratuzilma obyektlari haqidagi barcha maʼlumotlar yagona elektron platformaga jamlanadi. Bu esa soha mutaxassislarga haqiqiy vaqt rejimida maʼlumot almashish, joriy holatni tahlil qilish va tezkor qarorlar qabul qilish imkonini beradi.
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filialida ham ushbu zamonaviy yondashuv samarali joriy etilgan. Soha mutaxassislari “Arc GIS Enterprise Advancyed” ilovasi orqali kun davomida bajargan ishlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni “ArcGIS–HGT Onlayn boshqaruv” tizimiga yuklab bormoqda. Bu esa ish jarayonlarining shaffofligi va nazorat qilinishini taʼminlaydi.
Karmana tumanida ham tumangaz gaz taʼminoti bo‘limi ishchi-xodimlari ayni shu onlayn boshqaruv tizimi orqali ish faoliyatini olib borishmoqda. Tumanda 39 ta mahalla mavjud bo‘lib, ularga 17 nafar chilangar biriktirilgan.
- Mazkur ilova orqali chilangarlarning kun davomidagi bajarayotgan ishini ko‘rish va tahlil qilish imkoni yaratildi, - deydi “Karmanatumangaz” gaz taʼminoti bo‘limi mutaxassisi Eldor Narziyev. - Shu bilan birga o‘sha xududda avariya, gaz sizib chiqish holatlari mavjud bo‘lsa buni zudlik bilan bartaraf etish imkoniyati oshdi. Bugungi kungacha har bir chilangarimiz mazkur onlayn dastur orqali 14 tadan gaz taqsimlash qurilmasi va gaz quvurlarini texnik nazorat qilish ishlarini bajarishmoqda. Har bir qilingan ish ilovaga yuklanadi va bu tizimda shaffoflikni ham taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Oxun Davronov- tumangaz gaz taʼminoti bo‘limi chilangarlaridan biri. Unga tumandagi “Dehqon”, “Ziyokor”, “Mir Said Bahrom” mahallalari biriktirilgan. Chilangar mobil qurilma orqali onlayn dasturga kiritib, o‘ziga topshirilgan vazifani bajaradi. Texnik nazoratdan o‘tgan gaz quvurlari va gaz taqsimlash qurilmalari bo‘yicha maʼlumotni esa ilovaga yuklaydi. Bu esa O. Davronovni ayni bugun va manzilli holda nima ish bilan band bo‘lgani hamda uning natijasini ko‘rsatish imkonidir. Bu dastur xodimni ishga bo‘lgan masʼuliyatini yana-da oshiradi, qolaversa samaradorlikka ham xizmat qiladi.
- Menga biriktirilgan hududda 28 ta gaz taqsimlash qurilmasa mavjud, - deydi O. Davronov. – Shu bilan birga 14,2 kilometr gaz quvurlarini nazorat qilish bo‘yicha ham ishimizni olib boramiz. Ilova orqali kunlik ishimiz va samaradorlik ko‘rinib turadi. Bu esa o‘z ustimizda ishlashni, yana-da faol va masʼuliyatli bo‘lishimizni taqozo etadi.
Aytish kerakki, nazorat, aniqlik, xolislik va shaffoflikka tayangan mazkur onlayn boshqaruv tizimi pirovardida aholiga tabiiy gazni bir maromda yetkazish, yo‘qotishlar oldini olish, xizmat sifatini yana-da oshirishga erishiladi. Bu esa isteʼmolchi manfaatini ko‘zda tutgani bilan ahamiyatga molik bo‘lmoqda.
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati