Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Bugun innovatsion texnologiyalarning keng joriy etilayotganligi, har sohaning shiddat bilan rivojlanib borayotganligi sabab energiya resurslariga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda. Bu ne’matlardan oqilona foydalanish, behuda sarflamaslik barchaning o‘z oldiga qo‘yilgan fuqarolik vazifalaridan hisoblanadi.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan ushbu muhim vazifani amalda qo‘llash hamda fuqarolarni energotejamkor gaz uskunalari bilan ta’minlash masalasiga qaratilayotgan e’tibori aholi uchun imkoniyatlar ko‘lamini kengaytirib bermoqda.
Ma’lumki, tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojning yuqoriligi ushbu resursdan oqilona foydalanish va uni tejashni talab etadi. Zamon talabiga to‘la javob beradigan energotejamkor gaz uskunalaridan foydalanish esa nihoyatda muhimdir.
Joylarda “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan aholi va ulgurji iste’molchilar uchun zamonaviy energotejamkor gaz uskunalari o‘rnatilmoqda. Bu borada esa targ‘ibotlar olib borilmoqda. Xususan, “Kogongaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan Kogon shahridagi “Maxtumquli” mahalla fuqarolar yig‘inida energotejamkor uskunaning afzalliklari hamda qulayliklari haqida tushuntirish-targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Xonadonlardagi bu bilan bog‘liq muammolar tahlil qilindi. Soha mutaxassisi nostandart gaz jihozlaridan foydalanmaslik, energotejamkor uskunalarni o‘rnatish lozimligi hamda bu bilan gaz sarfini 40-45 foizga tejash mumkinligini alohida qayd etib o‘tdi.
Ta’kidlash lozim, bugunga qadar viloyat bo‘yicha 4 mingdan ortiq zamonaviy energotejamkor gaz uskunalari o‘rnatildi. Ya’ni aholi xonadonlarining 4173 ta, ulgurji iste’molchilarining esa 189 ta ma’naviy eskirgan gaz uskunlari zamonaviy energotejamkor gaz uskunalariga almashtirildi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etadigan bo‘lsak, ushbu uskuna gaz bosimi o‘zgarganda, ta’minotda uzilishlar bo‘lganda, avariya holatlarida avtomat tarzida ishlaydi. Eng muhimi, xavfsizlikning ta’minlanishida ahamiyatlidir. Jumladan, iste’molchilardagi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan is gazining oldini olinishida hamda yong‘in xavfsizligi, oilaviy tejamkorlikni ta’minlashda uning o‘rni beqiyos.
Gaz ta’minoti xodimlari joylardagi targ‘ibotlari davomida zamonaviy energotejamkor gaz uskunalarining yuqorida tilga olingan afzalliklari xususida to‘xtalib o‘tishar ekan, albatta, uning amalda qo‘llanilishi aholi uchun imkoniyatlar ko‘lamini kengaytirishda xizmat qilishi mumkinligini qayd etishdi.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati