Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
«Hududgaz Namangan» gaz ta’minoti filiali tomonidan viloyatning olis manzillarida yashovchi iste’molchilarga kuz-qish mavsumida suyultirilgan gazni bir maromda yetkazib berish borasida ish tashkil etilmoqda.
Pop tumanining “Chodak boshi” mahallasi viloyat markazidan 100-120, tuman markazidan esa 55-60 kilometr uzoqlikda joylashgan. Ushbu hududga ham “Poptumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan aholining maishiy ehtiyojlari uchun suyultirilgan gazga to‘ldirilgan gaz ballonlari oyma oy, o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda.
– Suyultirilgan gazni uzilishlarsiz va o‘z vaqtida yetkazib berishadi, deydi mahalla faoli Imomali Usmonov. – To‘lovlarni ham kartalar orqali amalga oshiryapmiz, muammo bo‘lgani yo‘q.
Shuningdek, gaz ballonlarini tarqatish davomida turli baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun undan foydalanganda xavfsizlik qoidalariga rioya etish lozimligi ham xodimlar tomonidan tushuntirib o‘tilmoqda.
– Mazkur mahallada 213 nafar suyultirilgan gaz iste’molchilari mavjud bo‘lib, ulardagi maishiy gaz ballonlari soni 244 tani tashkil etadi. Har 30-35 kunga bormay aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berilyapti. Yil boshidan iste’molchilar 126,3 tonna suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan bo‘lsa, bugunning o‘zida 220 dona maishiy gaz ballonlarida 4,4 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi, – deydi “Poptumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi rahbari To‘raxon Tadjiyev.
Bu kabi sa’y-harakatlar aholi turmush darajasini ko‘tarish, odamlar duch kelayotgan muammolarni joyida hal qilish, ularga munosib turmush sharoitini yaratish borasidagi amaliy ishlarning namunasidir.
"Hududgaz Namangan" gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati