Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Saidahmad Sultanov boshchiligida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda kommunal sohalar tomonidan anomal sovuq havo sharoitida qish mavsumini betalofat o‘tkazish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.
Xususan, “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali tomonidan anomal sovuq havo sharoitida iste’molchilarni uzluksiz tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash uchun bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyatdagi shahar va tumanlarda muxandis-texnik xodimlardan iborat avariya tiklash brigadalari tashkil etilib, barcha zaxira materiallari, ish anjomlari va maxsus texnikalar bilan ta’minlandi.
Shuningdek, mahalliy hokimliklar qoshida shtablar tashkil etilib, iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlar zudlik bilan avariya tiklash brigadalariga yetkazilmoqda va shu tariqa murojaatlarni o‘z o‘rnida yechimga keltirish choralari ko‘rilmoqda.
Ta’kidlash joiz, Namangan viloyatida 158 ta ekspluatasiya mutaxassislari tomonidan hududlardagi 5349,47 km (846,43 km yer osti va 4503,05 km yer usti) gaz tarmoqlari va 1384 dona gaz taqsimlash qurilmalari qayta ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.
Bundan tashqari, havo haroratining keskin sovub ketishi natijasida shahar va tuman markazlaridan tashqarida joylashgan gaz tarmoqlaridagi kompensatorlar holati ham nazorat qilinyapti. Filial servis xizmati xodimlari tomonidan ko‘p qavatli uylar va aholi xonadonlari qayta ko‘rikdan o‘tkazilib, gaz jihozlari va dudbo‘ronlar sozligi nazorat qilinmoqda. Shu bilan birga, iste’molchilarni tabiiy gazdan to‘g‘ri va oqilona foydalanishlari, is gazidan zaharlanishni oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari ham olib borilyapti.
“Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati