Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Hayotning qaysi jabhasida boʻlmasin tejamkorlikka amal qilish iqtisodiy farovonlikka olib kelishi bor gap. Aynan gaz taʼminoti sohasida ham tabiiy gazni tejab, undan oqilona foydalanishning qator afzalliklari mavjud. Xuddi shuningdek, energiya tejamkor gaz uskunalari va yondirgichlari ham tabiiy gazni iqtisod qilish bilan birga oilaviy byudjetga foydali boʻlayotgani amaliyotda ham oʻz tasdigʻini topmoqda.
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali tomonidan esa joylarda gaz isteʼmolchilarining maʼnan eskirgan gaz uskunalarini yangi va zamonaviysiga almashtirish yuzasidan keng miqyosda targʻibot tadbirlari olib borilmoqda.
Jumladan, joriy yilning oʻtgan sentyabr oyida viloyat boʻyicha aholi xonadonlarida 3 026 ta zamonaviy energiya tejamkor gaz uskunalari oʻrnatildi. Tadbir boshidan buyon esa, yaʼni joriy yilning shu davriga qadar 22 889 ta maʼnan eskirgan qoʻlbola gaz uskunalari energotejamkor yondirgichlariga almashtirildi.
Xususan, Karmana tumanida 28 760 ta tabiiy gaz isteʼmolchisi mavjud. Tumanda oʻtgan oyda aholi xonadonlarida 1 662 ta zamonaviy energiyatejamkor gaz yondirgichlari oʻrnatilgan boʻlsa, tadbir boshidan buyon bu koʻrsatkich 9 836 tani tashkil etadi.
- Energiya tejamkor gaz uskunalaridan foydalanilganda isteʼmolchi 30-40 foiz gazni tejash imkoniga ega boʻladi, — deydi “Karmanatumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi uy ichi gaz jihozlariga servis xizmat koʻrsatish boʻlim boshligʻi Ravshan Egamov. -Bu borada targʻibot tadbirlarini mahallalar kesimida xonadonma-xonadon yurib tushuntirib boryapmiz.
Aytib oʻtish joiz, energiyatejamkor gaz yondirgichlarini oʻrnatishga oid targʻibot-tashviqot ishlari barcha tuman va shaharlarda soha mutaxassislari tomonidan uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati