Saytda audio qo'llab-quvvatlash mavjud bo'lib, matnni eshitish uchun ushbu funksiya holatini tanlab qo'ying va kerakli matnni sichqoncha bilan belgilang
Havo soviy boshlashi bilan issiqlikka, tabiiy gazga boʻlgan talab ham orta boradi. Shu bilan birga gaz bilan bogʻliq turli avariya holatlari sodir bo‘lish ehtimoli paydo bo‘ladi. Shunga koʻra, “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali va uning shahar, tumangaz gaz taʼminoti boʻlimlari tomonidan zarur tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Jumladan, Karmana tumanida kuz-qish mavsumini betalafot oʻtkazish uchun barcha chora-tadbirlar koʻrildi.
Mavsumga hozirlik davomida tumandagi 2,6 kilometr gaz quvurlari rekonstruksiya qilindi. Oʻtgan yilgi anomal sovuqda tabiiy gaz taʼminotida muammo kuzatilgan mahallalarda qator ishlar bajarildi. Natijada aholining gaz taʼminoti yanada yaxshilanishiga hissa qoʻshildi.
Bundan tashqari, mavsum oldi tumangaz gaz taʼminoti boʻlimi avariya zaxira omborxonasi yaratildi. Bu yerda qishning sovuq kunlarida gaz bilan bogʻliq boʻladigan tasodif holatlarni tezkorlik bilan bartaraf etish va gaz taʼminotida uzilish boʻlishi oldini olish uchun zarur barcha ehtiyot qismlar jamlangan.
– Kuz-qish mavsumida tabiiy gaz taʼminotida turli holatlar bilan bogʻliq uzilishlar uchrashi ham mumkin, — deydi “Karmanatumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi yetakchi muhandisi Murod Ahmedov. – Shunga koʻra, avariya zaxira omborxonamiz mavsumga shay holatga keltirilgan. Bu yerda diametri 20 dan 325 millimetrgacha boʻlgan gaz quvurlari, manometrlar va boshqa zaruriy ehtiyot qismlar jamlangan. Shu bilan birga kechayu kunduz navbatchilik tashkil etilgan. 2 ta maxsus avtotransport va 3 ta avariya tiklash brigadalari mavsum uchun shay holatga keltirilgan. Maqsadimiz kuz-qish mavsumini betalafot oʻtkazish, xalqimiz roziligiga erishishga qaratilgan.
Tumanda mavsumni koʻngildagidek oʻtkazish maqsadida olib borilayotgan bu kabi ishlar qahraton qish kunlarida gaz bilan bogʻliq muammolar oldini olishga xizmat qiladi.
“Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati